Singapurda yakuniga yetgan sport gimnastikasi bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Har ikki medal tayanib sakrash dasturida qo‘lga kiritildi. Ayollar o‘rtasidagi bahslarda Oksana Chusovitina, erkaklar bellashuvida Abdulaziz Mirvaliyev shohsupaga ko‘tarildi.

Joriy yilning 30 sentyabr – 8 oktyabr kunlari Belgiyaning Antverpen shahrida o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘llanma beruvchi mazkur qit’a birinchiligi yakuniga ko‘ra, Chusovitina va Mirvaliyev qatorida yigitlarimiz jamoaviy, qizlarimizdan Dildora Aripova yakkalik yo‘nalishda dunyo birinchiligida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, Belgiyadagi jahon chempionati “Parij-2024” Olimpiadasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmalar taqdim etadigan musobaqa hisoblanadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA