Haqiqiy she’riyatni chamanzorga, gulistonga qiyoslash mumkin. Gulzor betakror ifori bilan yon-atrofni xushbo‘ylarga burkaganidek yuksak did bilan yaratilgan she’r ham necha-necha dillarga ana shunday xushbo‘ylarni yetaklab kiradi. Shu sabab bo‘lsa kerakki, gulzor oshuftasi bo‘lmish bulbul bundan sarmast bo‘lib, berilib kuylashga tushadi. Uning har xonishidan ishq va muhabbat ohanglarini tuya boshlaysiz. Bu ohanglar Vatanga, elga muhabbat va shu zaminga sadoqat tuyg‘ulari bilan uyg‘unlashib ketganligi bois ulardan o‘zgacha rohat olasiz.

Har safar Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, senator Guliston Matyoqubova (Annaqilicheva)ning she’rlarini, mag‘zi to‘q dostonlarini, go‘zal esselarini, hikoyalari va badialarini mutolaa qilganimda, o‘zimni beixtiyor shu adabiyot bo‘stonida kezayotgandek, bu bog‘dagi har bir guldan bahra olayotgandek his etaman o‘zimni.

Hamon yodimda, bundan ko‘p yillar burun xizmat safari bilan yo‘limiz Qoraqalpoq zaminiga tushgandi. Gulistonni o‘shanda ilk bora ko‘rgandim. Qamsuqim, kamtarin, ammo ko‘z va so‘zlaridan o‘t chaqnab turgan yoshgina shoira qiz berilib she’r o‘qidi. U she’r o‘qirkan nafis gullarning xushbo‘y ifori dimoqqa kelib o‘rilgandek bo‘ldi. Shoira she’rining mayin atri boshqalar qatorida meni beixtiyor o‘ziga asir etdi va qalbimizga yorug‘lik olib kirdi. Shundan buyon Guliston she’rlarining shaydosiman, shundan beri uning xush iforlarga yo‘g‘rilgan she’riyati adabiyot ixlosmandlari ko‘nglini ezgulikka yo‘llab turadi va azaliy qadriyatlarga oshno etib, ruhini oppoq tuyg‘ular, boqiy fazilatlar bilan to‘yintirib keladi.

Guliston Matyoqubova Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l shahrida tug‘ildi. Bu qadimiy o‘lkada o‘zbeklar, qoraqalpoqlar, qozoqlar, turkmanlar azaldan bir yoqadan bosh chiqarib, ahil-inoq, totuv yashab keladi. Ular bir-birining tilini ham, dilini ham yaxshi biladi. Shu bois turli millat vakillari o‘zaro qiz olib, qiz beradi, o‘g‘il uylantiradi, quda-anda bo‘ladi. Farzandlari ko‘hna Jayhun bo‘ylarida, tarixiy ildizlari chuqur ketgan qo‘rg‘onlarda, bir tomoni bugun odamlardan imdod kutib og‘ir nafas olayotgan Orol dengiziga, bir tomoni Qizilqum cho‘llariga tutash bepoyon kengliklarda birga o‘ynab, do‘st bo‘lib, yelkama-yelka mehnat zavqini tuyib  ulg‘ayadi. Bir-biridan o‘rganadi, bir-biriga o‘rgatadi. Inchunin, ular oqil, dono, bag‘rikeng, sabotli, matonatli elning farzandlaridir. Bu xalqlarning bugungi kunda ham katta sinovlarga bardosh berib, tabiat injiqliklariga qarshi mardona kurashib kelayotganliklari so‘zlarimizning yaqqol isbotdir.

Alqissa, Guliston mana shunday sifatlarga ega xalq orasida o‘sib, kamolga yetdi. Ona tili va adabiyoti bilan birga, qon-qardosh qoraqalpoq xalqining betakror qadriyatlari, urf-odatlari, tili va og‘zaki ijodiyotini, dostonu matallari, termalari chashmasidan suv ichib ulg‘aydi. Shevalaridagi eng nafis ifodalarni, eng nozik qochirimlarni-da puxta o‘zlashtirdi. Shu bois shoira ijodida donishmandlik va teranlik hamda so‘zning bor viqor-u qudrati yorqin namoyon bo‘ladi.

Qoraqalpoq zaminida insonni hayotning o‘zi tarbiyalaydi, sinovlarda toblab, ulg‘aytiradi, desak mubolag‘a emas. Bu Gulistonning ijodida ham ochiq sezilib turadi.

Shoiraning1965 yilda, endi 17 yoshga qadam paytda bitgan “Yoshligim” nomli ajoyib bir she’ri bor. Undan hali turmush zarbaralaridan peshonasi “g‘urra” bo‘lmagan, turfa xil chigalliklar tufayli sarson-sargardonliklarga uchramagan murg‘ak qalb kechinmalari o‘rin olgan, unda ifoda etilgan yoshi ulug‘, tajribali ijodkorlarda uchraydigan donishmandlik va teranlikdan hanuz taajjubga tushaman.

Yoshlik, sen umrimning ko‘rkam faslisan,

Quvnoq hayotimning bahorisan sen,

— deydi shoira she’r avvalida. Uning davomidan yoshlikka xos sho‘xlik, o‘yin-kulguga esh o‘tkinchi hissiyotlar ifodasini kutasiz. Biroq shoira qalam tutgan boshqa tengdoshlaridan umuman farq qiladi. Hayot, borliqning o‘zi “quyoshdek nur sochib” fikrini yoritgan, qalbi hayajondan xuddi dengiz kabi mavj urib tursa-da, dilida dilrabo kuylar yangrasa-da, umrining eng yorqin pallasiga zalvorli so‘roqlarni beradi:

O, yoshligim, buncha qayga shoshasan,

Hali ekin ekib, bog‘ yaratdingmi?

Daryodek mavjlanib, qayga oqasan,

Hali xalq ishonchin ado etdingmi?

Yoshligidayoq bunday muhim savollarga javob izlagan va ularga o‘z amali bilan javob berishga intilgan shoiraning iqbol yulduzi porlashi kerak edi va shunday bo‘ldi.

Guliston Matyoqubova yarim asrdan mo‘lroq jo‘shqin faoliyati davomida nafaqat ulug‘ cho‘qqilarga mengzagulik ijodiy marralarni zabt etdi, ayni chog‘da necha-necha qalblarda ezgulik bog‘larini yaratdi, undan muhimi, so‘zi va amali bilan xalqimizning ishonchini qozondi. Buni u 1984-2005 yillarda, 4 chaqiriqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, 2005-2010 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputat sifatida saylangani misolida ham ko‘rsa bo‘ladi. Hozirda u “Qoraqalpoq adabiyoti” gazetasi bosh muharriri bo‘lish bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi sifatida samarali faoliyat olib bormoqda.

Guliston Matyoqubovaning ijodi qanchalik samarali ekanligini bilish uchun uning chop etilgan kitoblarini bir qur yodga olishning o‘zi kifoyadir. Shu paytga qadar ijodkorning “Hayajonning yetti rangi”, “Oydin ostona”, “Sevib qolsin”, “Daryoga botayotgan quyosh”, “Izlaganlarim”, “Oybaldoq”, “Muhabbat yurti”, “Saylanma”, “Ko‘ksimdagi nur” kabi kitoblari yorug‘lik yuzini ko‘rgan bo‘lib, ular allaqachon mutolaasevar xalqimizning ma’naviy merosiga aylanib ulgurgan.

Shoiraning ko‘p yillik o‘quvchisi va bir ijodkor o‘laroq, uni o‘quvchiga sevimli qilgan jihat haqida xo‘p o‘ylaganman. Anglaganim va bor haqiqat shuki, Gulistonning tuyg‘ularida yolg‘on yo‘q, hammasi tabiiy va samimiy, har bir misrasida boshqalarnikiga o‘xshamaydigan o‘ziga xos yuksak did, baddiyat mujassam. Albatta, yuksak insoniy tuyg‘ularning bunday badiiy talqinlari misralar orqali shoira qalbidan boshqa yuzlab qalblarga ko‘chib o‘tadi.

U ona-Vatanning bebaholigi, tabiat go‘zalligi, muhabbat sehri, sog‘inchu visol baxti haqida yozadimi yoki ayriliq iztirobini yohud Orol dardini qog‘ozga tushiradimi, hayotning achchiq-chuchugi va chigalliklarini qalamga oladimi, farqi yo‘q, siyqasi chiqib ketgan iborayu so‘zlardan qochadi, aravani quruq olib qochmaydi. Aksincha, ko‘ngilga xush yoqadigan, yurakning tub-tubiga yetib boradigan ibora va so‘zlarni yuksak didli ijodkor sifatida topadi, topmagunicha tinim bilmaydi. Shu boisdan ham uning o‘xshatishlari jonli, istioralari go‘zal chiqadi, tasvirlari xuddi sevimli kinotasmasi yanglig‘ ko‘z oldingizdan bir-bir o‘ta boshlaydi. Natijada adib quvonganida siz ham shod-hurram bo‘lasiz, aksincha, g‘am-anduh chekkanida qayg‘uga botasiz, unga qo‘shilib yig‘laysiz. Gapning bo‘larini aytganda, bunday iqtidor har bir ijodkorga-da nasib etavermaydi. Bunday qalamkashlarni Qalam Sohibining o‘zi ulug‘ qilib yaratgan bo‘ladi. Bundan boshqacha bo‘lishi mumkin emas.

Shoiraning aksar she’rlarida hayotga cheksiz muhabbat nur sochib turadi. Bu jihatdan uning “Vaqt ertaklari” sarlavhali she’rini alohida ajratib ko‘rsatish mumkin. Asarning boshlamasidayoq shoira:

Mening olamimda bo‘shliqlar yo‘qdir,

Cheksizliklarida uzoq manzillar.

Zulmatlar yo‘q unda, nurlar to‘kilib,

Faqat bahor bo‘lib qolgan fasllar,

— deya o‘quvchilarga farahbaxsh hislar ulashadi. So‘ngra lirik qahramon olamida mayin ohanglar hukmronligi, ishq to‘lqinida yulduzlar kuylashi, rangdor tonglar jilosi, vaqt ertaklari sehrga yo‘g‘rilishiga guvoh bo‘lasiz. Uning yaxshiliklar gullovchi olamida yolg‘onlar yo‘q, hatto, rashk ham nafis bir hikmatga yo‘g‘rilgan, dengizlar mohiyat yaratsa, daryolar aql nurlaridan toshadi.

Shoiraning pozitiv tuyg‘ulari shu qadar baland cho‘qqiga ko‘tariladiki, u bunday baland ruhni qayerdan oldi ekan, deya hayratga tushasiz. Buning siri asar yakunida ochiladi. Lirik qahramon qalbida sevgi olovi alangalangan — bu Yaratganga, Vatanga, yorga, yaqinlariga bo‘lgan adoqsiz muhabbat. Shu bois uning hayratlari, hayajoni beqiyos, oppoq nurlarga to‘la:

So‘z bilan hayratni chizib berolmam,

So‘z bilan chizolmam muhabbatni ham.

Bir tomchi shudringda dengiz ko‘rinsa,

Bir dona lolada yer kurrasi jam.

Ijodkorning vatanparvarlik, el-yurtga sadoqat, xalqparvarlik tuyg‘usi keng o‘rin egallagan, istiqlolimizning beqiyos qadri, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan hayotbaxsh o‘zgarishlar mohiyati ochib berilgan asarlari ham bisyor. Ulardagi o‘tli ruh, harorat tezda kitobxonga ham yuqadi. Chunki ularda bu olijanob tushunchalar, kechinmalar yuksak pardalarda kuylanadi. Shoiraning “Vatan, bag‘ring quyosh, boshlaring osmon” turkumidagi va boshqa shu mavzuda bitilgan o‘nlab she’rlari xususida ham ayni shu fikrni aytish mumkin.

Ana shunday bitiklarining birida shoira aziz yurtga “Ona yuragidan boshlangan go‘sha”, deya ta’rif beradi. Qarang, “Vatan ostonadan boshlanadi”, degan gapni ko‘p aytamiz. Ammo shoira bu tashbehni hamma bilganidek emas, yanada ma’nosi chuqurroq, zalvorliroq, ta’sirchanroq ifodalaydi.

Shoira “Jannat yurtim — O‘zbekistonim” she’rida Vatanga muhabbatni qanotli tulporga o‘xshatadi. Uning shiddati ona yurt sha’nini yangilashini, kuchli, ulug‘vor, zalvorli qadamlari nafaqat hur zaminni, balki butun olam gulshanini bezashini badiyat tilida uqtiradi:

Vatan muhabbati — qanotli tulpor,

Shiddati yangilar ona yurt sha’nin.

Zalvorli qadaming kuchli, ulug‘vor,

Bezagay hur zamin — olam gulshanin.

To‘g‘ri, shoiraning vatanparvarlik ruhidagi she’rlarining ayrimlarida ba’zi balanparvoz jumlalarni, hammamizga yod bo‘lib ketgan o‘xshatishlarni, badiiyatdan holi iboralarni ham uchratamiz. Lekin bu tuyg‘ular shoiraning qalb tug‘yonlari ekanini, har bir insonning ularni o‘z ovozi bilan qog‘ozga tushirishga haqqi borligini hisobga olsak, bu holni kamchilik sifatida emas, balki fazilat o‘laroq qabul qilish mumkin bo‘ladi.

O‘tgan asrning 90-yillarida zamonaviy she’riyatimizning cho‘qqilaridan biri — Zulfiya Guliston Matyoqubova ijodiga yuqori baho berib, quyidagi fikrlarni yozgandi:

“… Guliston o‘zining boy mulkiga ega shoir. Bu shunday mulkki, unda tug‘yonlar alangalanib, teranlikka va mahoratga aylangani sabab, she’rlari dilimizga yaqin”.

Albatta, bu e’tiroflar bejiz emas. Yillar o‘tsa-da, bu bahoning ohori to‘kilgani, qimmatini yo‘qotgani yo‘q. Guliston she’riyati masofa bilmas fazilati, sehri, jozibasi o‘quvchilar qalbini to‘lqinlantirishda davom etmoqda.

Shoirani bugun nafaqat o‘zbek va qoraqalpoq xalqi sevib-ardoqlaydi, balki u “Zemlya otsov”, “Jurek penen juzbe juz”, “Nurlы jollar”, “Prekrasnoye chuvstvo”, “Amio‘ jag‘asыnda osken bayterek”, “Intizarlыq” va boshqa kitoblari, rus, turk, turkman, nemis tillariga tarjima qilingan asarlari bilan turli xalqlar adabiyot ixlosmandlari uchun ham yaxshi tanish. Shu bois xalqaro mutaxassis va adabiyotshunoslar e’tirofiga sazovor bo‘lib kelmoqda.

Uning Moskvadagi “Tvorchestvo narodov mira” xalqaro assotsiatsiyasi laureati bo‘lgani ham, o‘ylaymanki, bu boradagi ta’rifu tavsifimiz bejiz emasligi tasdiqlaydi.

Guliston Matyoqubova milliy adabiyotimiz, madaniy-ma’naviy hayotimiz rivojidagi hissasi, yosh avlod tarbiyasidagi xizmatlari inobatga olinib, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”, “Qoraqalpog‘iston xalq shoirasi” faxriy unvonlari bilan mukofotlangan.

Gulistonning hayoti ham, fe’l-atvori ham, jismi ham ismiga monand. Guldek ko‘rkam, nafis va beozor. Birovlarga zulm qilgani, firib berganini hech eshitmaganmiz. Go‘zallikga oshufta, boshqalarga qo‘ldan kelgan yordamini ayamaydigan shoira bir she’riga “Gulday yasha”, deya sarlavha qo‘ygani ham bu shior uning hayoti tuzugiga aylanib ketganidan dalolat beradi.

Umuman, Guliston ijodkor sifatida qanchadan-qancha dillarga ezgulik urug‘ini qadab, ulkan bog‘ yarata oldi. Bunday baxt har kimga ham nasib etavermaydi. Shu ma’noda, she’riy guliston yaratgan Guliston singlimizga adabiyot bog‘idagi mashaqqatli faoliyatida hamisha muvaffaqiyatlar yorligini tilab qolamiz.

O‘tkir RAHMAT