Advokatlik guvohnomasini olish maqsadida talabgor ariza berish uchun adliya organiga borishi, ortiqcha hujjatlarni taqdim etishi, guvohnoma rasmiylashtirilganidan so‘ng uni olib ketish uchun takroran adliya organiga yo‘l olishi talab etilardi. Bu esa ortiqcha vaqt va ovoragarchilikni keltirib chiqargan.
Mazkur ovoragarchiliklarni bartaraf etish maqsadida davlatimiz rahbarining “Advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unda advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishning ustuvor vazifalari belgilandi.
Jumladan, 2023 yil 1 yanvardan boshlab advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi uchun litsenziya berish, talabgor tomonidan malaka imtihonini topshirishining amaldagi tartibi saqlangan holda “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi va rasmiylashtirib boriladi.
– Shu maqsadda hukumat qarori bilan Advokatlik guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi, – dedi Adliya vazirligi mas’ul xodimi Fazliddin Zaripov. – Endilikda advokatlik guvohnomasini olish uchun faqatgina elektron murojaat qilishning o‘zi kifoya qiladi (talabgordan ortiqcha hujjatlar talab etilmaydi).
Nizomda advokatlar uchun quyidagi yengilliklar nazarda tutilmoqda: advokatlik guvohnomasini olish uchun elektron shaklda murojaat qilinadi, agar advokat advokatlik tuzilmasini yangi tashkil etgan bo‘lsa, advokatlik guvohnomasini olish uchun murojaat qilishi talab etilmaydi.
Unga guvohnoma avtomatik tarzda kompozit xizmat ko‘rsatish yo‘li bilan beriladi, advokatlik guvohnomasini guvohnoma beruvchi organga bormasdan turib olish mumkin.
Bunda advokatlik guvohnomasi advokatning xohishiga ko‘ra advokatlik tuzilmasining manziliga yetkazib berish (kurerlik) xizmati orqali yuboriladi.
Advokatlik guvohnomasi QR-kod qo‘yilgan ID card shaklida rasmiylashtiriladi.
QR-kodni skanerlash orqali advokatning advokatlik guvohnomasi kim tomonidan berilganligi, advokat maqomi, advokat faoliyat yuritayotgan advokatlik tuzilmasining nomi, advokatning ixtisosligi, litsenziya raqami va berilgan sanasi aniqlanadi.
Bunda advokatning ixtisosligi va faoliyat yuritadigan tuzilmasi o‘zgarganda guvohnomani qayta rasmiylashtirish talab etilmaydi.
Norgul Abduraimova, O‘zA