Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “O‘zbekiston – Fransiya” do‘stlik jamiyatining “O‘zbekistonning turistik imkoniyatlari va gastronomik turizmni rivojlantirish” grant loyihasi doirasida “O‘zbekistonning turistik imkoniyatlari va turizmni rivojlantirishda innovatsion g‘oyalar” mavzuidagi ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruv akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal Demokratik partiyasi siyosiy kengash ijroiya qo‘mitasi, turizm sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash respublika markazi vakillari hamda O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti, Qarshi davlat universiteti talabalari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida yurtimizning sayyohlik imkoniyatlari, tarixiy shaharlari, muqaddas qadamjolari va ziyoratgohlarini dunyoga tanitish kabi vazifalar o‘z aksini topgan. Bu borada belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilmoqda.
Mazkur tadbir ham yurtimizning sayyohlik imkoniyatlarini dunyoga tanitish, OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda bu borada amalga oshirilayotgan xayrli ishlarni muntazam yoritish, iqtidorli talabalarni bu sohada innovatsiya yaratishga safarbar etish, chet tilini mukammal biladigan yosh kadrlarni sohada ishlashga safarbar etish kabi masalalarni hal etishga qaratilgan. Shu maqsadda e’lon qilingan “Eng yaxshi vedeorolik” tanlovi g‘oliblari “O‘zbekiston – Fransiya” do‘stlik jamiyatining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

 

Rahima Shirinova,
“O‘zbekiston – Fransiya” do‘stlik jamiyati ijrochi direktori.