O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi

Davlatimiz rahbari dastlab viloyatdagi to‘rt sektor rahbarlari, tashkilot va idoralar mas’ullari bilan muloqot qildi. Suhbatda Prezidentimizning joriy yil 2-mart kuni viloyatga tashrifi chog‘ida belgilangan vazifalar ijrosining borishi ko‘rib chiqildi. Viloyat ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan vazifalar belgilab olindi.

Prezidentimiz “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

2c83eadb-2736-5852-4fd4-9dd9d7e5d826.jpg

“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati 1964-yilda ishga tushirilgan. Korxonada qishloq xo‘jaligi, neft-gaz tarmog‘i, energetika va tog‘-kon sanoati ehtiyoji uchun 70 turdan ziyod mahsulot ishlab chiqariladi. Vaqt o‘tishi bilan texnologik uskuna hamda qurilmalar jismonan va ma’nan eskirdi. Ular ko‘p miqdorda elektr energiyasi va boshqa tabiiy resurslarni sarf qilish evaziga mahsulot ishlab chiqara boshladi. Ya’ni, foydali ish koeffitsenti bugungi davrga umuman mos kelmay qoldi. Bu jihatlar e’tiborga olinib, korxonada bosqichma-bosqich modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Xususan, jamiyat hududida uchta yirik investitsion loyiha – Polivinilxlorid (PVX), kaustik soda va metanol ishlab chiqarish, Ammiak va karbamid ishlab chiqarish hamda Azot kislotasi ishlab chiqarish korxonalari qurilishi qizg‘in davom etmoqda. Bunyod etilayotgan ushbu korxonalarga zamonaviy, tejamkor texnologik uskunalar o‘rnatiladi.

b4f73ee9-c74d-e97b-9716-c7ef20619a2c.jpg

Prezidentimiz ushbu yangi obyektlardagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, quruvchilar, xorijlik investorlar bilan muloqot qildi.

Polivinilxlorid (PVX), kaustik soda va metanol ishlab chiqarish loyihasining umumiy qiymati 500 million AQSH dollaridan oshadi. Qurilish ishlarini Xitoyning “China CAMC Engineering CO. LTD” va “HQC (Shanghai)” kompaniyalari konsorsiumi hamda yurtimiz mutaxassislari amalga oshirmoqda.

Korxona foydalanishga topshirilgach, yiliga import o‘rnini bosuvchi 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda, 300 ming tonna metanol tayyorlanadi. 900 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Mahsulotning 50 foizdan ortig‘ini eksport qilish ko‘zda tutilgan.

Qurilish ishlarida 197 zamonaviy texnika, 1280 ishchi mehnat qilmoqda. Korxonani malakali xodimlar bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilayotir. Bu yerga o‘rnatiladigan zamonaviy uskunalarni boshqarish uchun mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida 118 nafar injener-texnolog, mexanik, energetik, iqtisodchi va dasturchilar tayyorlanyapti. 660 nafardan ziyod ishchi Navoiy shahridagi kasb-hunar kollejlarida tayyorlanadi.

8894253d-0b07-c475-713a-72587b2be928.jpg

a75ba359-b75c-d56e-a09b-f7e7ed2f4b87.jpg
Davlatimiz rahbari bu kabi yirik ishlab chiqarish korxonalarining mamlakatimiz iqtisodiyotidagi o‘rni haqida to‘xtalib, qurilish ishlarini tez va sifatli yakunlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatining mavjud (1964-yil) energiya sarfi yuqori bo‘lgan ammiak ishlab chiqarish 1-2 navbatlarini ekspluatatsiyadan chiqarish ko‘zda tutilgan. Xususan, Ammiak va karbamid ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 985 million AQSH dollari bo‘lgan loyiha amalga oshirilmoqda. Qurilish ishlari yakunlangach, bu yerda yiliga 660 ming tonna ammiak, shuningdek, 577,5 ming tonna karbamid olish, ulardan tayyorlanadigan mineral o‘g‘itlar turini oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi. 491 ish o‘rni yaratiladi.

Yaponiyalik hamkorlar (“Mitsubishi Heavy Industries, Ltd”, “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari) bilan birgalikda barpo etilayotgan majmuani 2020-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Aksiyadorlik jamiyatining azot ishlab chiqarish bo‘yicha eski (1965-yil) 1-2 navbatlari ham ekspluatatsiyadan chiqarilmoqda. Ya’ni, kelasi yili yana bir loyiha – Azot kislotasi ishlab chiqarish majmuasi qurilishini nihoyasiga yetkazish rejalashtirilgan. Texnik iqtisodiy asoslarga muvofiq umumiy qiymati 216,6 million AQSH dollariga teng bu ishlab chiqarish obyekti Shveysariyaning “CASALE SA” kompaniyasi tomonidan bunyod etilmoqda. Bu yerda yiliga 500 ming tonna mahsulot tayyorlash mumkin bo‘ladi. Shuningdek, 122 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Bu kabi yirik ishlab chiqarish korxonalarida mehnat qiladigan tajribali muhandis va ishchi xodimlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratish zarur. Kerak bo‘lsa, ularni xorijdagi korxonalarga jo‘natib, tajriba almashish va malaka oshirishini yo‘lga qo‘yishimiz lozim,dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanadigan mazkur majmualar navoiylik kimyogarlarga mahsulotlar hajmini oshirish, tannarxini tushirish, raqobatbardoshligini ta’minlashda muhim omil bo‘lishini qayd etdi.

 

Ziyodulla Jonibekov, O‘zA