Kuni kecha futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi “G” guruhida 2-tur bahslari bo‘lib o‘tdi. Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi o‘z maydonida proliga vakili Nukusning “Aral” jamoasini qabul qildi.
“Aral” proliga, “So‘g‘diyona” esa superliga vakili, jizzaxliklar osongina g‘alaba qozona oladi”, deb o‘ylagan muxlislar yanglishganini o‘yin boshlangandan so‘ng his qilishgan bo‘lsa ajab emas.
Bahs garchand Jizzaxda o‘tayotgan bo‘lsada, teng kurashlar ostida kechdi. Hatto, ba’zi jabhalarda qoraqalpog‘istonlik yigitlar maydon egalaridan ko‘ra yaxshiroq o‘ynadi. Va bu o‘yinning 33-daqiqasiga kelib, hisobda ham aks etdi. “Aral” hujumchisi Ruslan Qalmagambetov jizzaxliklar himoya chizig‘i va darvozabon xatosidan foydalanib, hisobni ochdi – 0:1.
O‘yinning 65-daqiqasiga kelibgina burchakdan uzatilgan to‘pga hammadan baland sakragan, jizzaxliklar tarkibida bir necha yillardan buyon to‘p surib kelayotgan serbiyalik himoyachi Marko Kolakovich hisobni tenglashtirdi – 1:1.
Ammo jizzaxlik futbol muxlislarining quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Chunki oradan 3 daqiqa o‘tar o‘tmay, Nukus futbolchilari mezbonlar darvozasini ikkinchi bor ishg‘ol qilib, hisobda yana oldinga chiqdi. Bu golga Azizbek Umrbekov mualliflik qildi – 1:2.
Bahsning 79-daqiqasida “So‘g‘diyona”ning yana bir to‘purar legioneri Zenan Zaymovich qoraqalpog‘istonliklar darvozaboni bilan yakkama-yakka chiqib qoldi. Zenan zarbada yanglishmadi, hisob – 2:2.
Raqiblarini mensimay maydonga tushgan “So‘g‘diyona” jamoasi a’zolari o‘z maydonidagi bu durangdan so‘ng, O‘zbekiston kubogining nimchorak finaliga chiqish masalasini gumon ostida qoldirgani shubhasiz.
Ushbu guruhdagi Toshkentning “Paxtakor” klubi Toshkent viloyatining “Do‘stlik” jamoasi darvozasiga 5 ta javobsiz to‘p yo‘llab, keyingi bosqich masalasini hal qildi.
Kubok bahsining guruhdagi 3-turini “Paxtakor” “Aral”ga qarshi o‘tkazadi. Ushbu o‘yinda 1-o‘rinni saqlab qolishi uchun toshkentliklarni durang ham qanoatlantiradi. Shuningdek, har qanday hisobdagi durang va hatto, kichik hisobdagi mag‘lubiyat ham, mabodo so‘ngi turda “So‘g‘diyona” “Do‘stlik”ni yirik hisobda yuta olgan taqdirda ham, qoraqalpoq futbolchilari 1/8 final bosqichiga yo‘l oladi. O‘tgan yilgi yarim final ishtirokchisi “So‘g‘diyona” esa, bu yil guruh o‘yinlaridayoq kubok bahslarini tark etishga majbur bo‘ladi. Raqibni mensimay maydonga tushishning xunuk oqibati, mana shunday ayanchli xotima topishi mumkin.
Bugungi g‘alabadan so‘ng “Paxtakor” O‘zbekiston kubogi nimchorak final yo‘llanmasini, muddatidan oldin naqd qildi.
Ma’lumot uchun, Olmaliqning OKMK, Qarshining “Nasaf”, Samarqandning “Dinamo”, Toshkentning “Lokomotiv”, Namanganning “Navbahor” hamda Urgenchning “Xorazm” klublari muddatidan avval keyingi bosqich masalasini hal qildi.
Ushbu jamoalarga O‘zbekiston kubogi bahsidagi so‘ngi tur o‘rtoqlik maqomida o‘tishi ham mumkin.
A.QAYUMOV, O‘zA