Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Evropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi doirasida Xalq banki MasterCard xalqaro to‘lov tizimi kompaniyasi bilan o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumini imzoladi. Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan mazkur hujjat Xalq banki tomonidan O‘zbekistonda MasterCard kartalarini chiqarish uchun yo‘l xaritasini ishlab chiqish va amalga oshirishga xizmat qiladi.
Hamkorlik doirasida MasterCard turli ekspert va trening dasturlari orqali bank xodimlarining to‘lov tizimlari bilan ishlash, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda kiberxavfsizlik bo‘yicha malaka va tajribasini oshirishda ko‘mak beradi.
MasterCard to‘lovlar sohasida global texnologik kompaniya bo‘lib, tranzaksiyalarni xavfsiz, sodda, aqlli va arzon qilish orqali hamma uchun hamma joyda foydali bo‘lgan inklyuziv raqamli iqtisodiyotni shakllantirish hamda rivojlantirish asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Xavfsiz ma’lumotlar va tarmoqlardan foydalangan holda MasterCard innovatsiyalari va yechimlari jismoniy shaxslar, moliya tashkilotlari, davlat idoralari va korxonalariga o‘z imkoniyatlarini amalga oshirishda yordam beradi.
O‘zbekistonning birinchi banklaridan hisoblangan Xalq banki moliya bozorida 1875 yil 10 maydan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Bankning 300 ga yaqin xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, 3000 dan ortiq bankomatlari mavjud bo‘lib, ular geografik qamrovi bo‘yicha mamlakat moliya bozorida yetakchi hisoblanadi. Moliya muassasasi O‘zbekiston bo‘ylab 10 millionga yaqin bank xizmatlari iste’molchilariga xizmat ko‘rsatadi.
O‘zA