Iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish va energiya samaradorligini 20 foizga oshirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasidagi bosh maqsadlardan biri sanaladi.
Xususan, taraqqiyot strategiyasining 24-maqsadi orqali 2026 yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichi qo‘shimcha 30 milliard kVt. soatga oshirilib, jami 100 milliard kVt. soatga yetkaziladi. Bunda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushining 25 foizga yetishi evaziga yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi.
Shu bois har yilgi davlat dasturlarida energiya ta’minotini yaxshilash ustuvor maqsadlardan biri sifatida belgilanadi. Jumladan, oxirgi olti yilda 5 ming megavattdan ziyod yangi elektr quvvatlari yaratilgan. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida qo‘shimcha 726 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarilgan.
Shu bilan birga, bu yil 3 milliard 400 million kilovatt soat elektr tanqis bo‘lishi, yozning issiq kunlarida unga kunlik talab hozirgi 195 million kilovatt soatdan 255 million kilovatt soatga yetishi mumkin. Ushbu ko‘rsatkichlarni o‘z vaqtida bartaraf etish hamda aholi va tadbirkorlarni uzliksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda energiya ta’minoti va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda erishilgan natijalar bilan bir qatorda yil davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi. Jumladan, mutasaddilarning joriy yilda 2 ming megavatt quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, korxona, xonadon va ijtimoiy ob’ektlarda 1 200 megavattli quyosh panellari o‘rnatish yuzasidan axborotlari tinglandi.
Bugun dunyo tajribasidan ma’lumki, energiya tejamkorligiga erishish va uning uzluksizligini ta’minlashda “Yashil energiya”ning o‘rni yuqoridir. Shu bois, bu sohaga rag‘bat berish maqsadida 1 iyuldan gidro elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun “yashil” sertifikat berilish tartibi, 1 oktyabrdan boshlab, barcha qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan olingan elektr uchun joriy qilinadi.
Shuningdek, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan barcha savdo va servis korxonalariga quyosh panellari uchun kredit to‘lovlarining 4 foizi qoplab beriladi. Xalqaro moliya tashkilotlaridan 100 million dollar jalb qilinib, aholi va tadbirkorlarga maqbul shartlarda ajratiladi.
Eng muhimi, energetika sohasidagi ushbu o‘zgarishlar “Adolat” SDP saylovoldi dasturida ilgari surilgan maqsadlarga to‘la hamohangligi bilan yanada ahamiyatlidir. Mutasaddilarga ushbu tizimni joriy qilib, aholi va tadbirkorlarni rag‘batlantirish, ijtimoiy soha va davlat idoralariga kichik quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birga, yig‘ilishda elektr tarmoqlarini ta’mirlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Bu borada Toshkent shahrida dastur qabul qilinib, ishlar boshlangani, hozirga qadar 667 kilometr elektr tarmog‘i va 175 ta transformator yangilangani qayd etildi. Viloyat hokimlariga elektr uskunalari va materiallar zaxirasini yaratish, bu yilga rejalashtirilgan ta’mirlash ishlarini 1 avgustgacha yakunlash vazifasi qo‘yildi. Buning uchun qo‘shimcha brigadalar tashkil etilib, malakali mutaxassislar jalb qilinishi belgilandi.
Albatta, dono xalqimizda: “Qish g‘amini yozda ye, sandalingda o‘tirib halvo ye”, degan ajoyib maqol bejiz aytilmagan. O‘tgan yilgi anomal sovuq va u keltirib chiqargan muammolardan to‘g‘ri xulosa qilgan holda bu sohadagi ishlarning o‘z vaqtida to‘g‘ri tashkil etilishi, nafaqat fuqarolarimiz og‘irini yengil qilishga, shu bilan birga, minglab tadbirkorlarimiz faoliyatida uzluksizlikni ta’minlash orqali barqaror iqtisodiy o‘sishga erishiga xizmat qiladi.
Bunda esa elektr ta’minotidagi yo‘qotishning oldini olish, o‘g‘rilik holatlarini bartaraf etish ham muhim sanaladi. 2023 yil 13 fevralda O‘zbekiston Prezidentining “Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilingan edi. Bu borada qonunchilikka rioya etilishiga mas’ul Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimi joriy qilinib, yaxlit nazorat tizimi yaratildi. bugungi kunga qadar 250 milliard so‘mlik energiya resurslar noqonuniy ishlatilgani aniqlanib, zarar undirilgan.
Shuningdek, yig‘ilishda sohadagi yana bir muhim masala — benzin va dizel yoqilg‘isi ta’minotiga ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, mamlakatimizga bu mahsulotlarni olib kelishga cheklovlar olib tashlangani, joylarda 1 million tonna yoqilg‘ini saqlash sig‘imlari mavjudligi qayd etildi.
Xulosa qilib aytganda, iqtisodiyotga yangi, energiya resurslarini tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, energiya sarfini iqtisod qilishni rag‘batlantiruvchi mexanizmlar yaratish, muqobil energiya manbalari, xususan, quyosh energiyasidan foydalanishni ko‘paytirish, energiyaning mavjud barcha muqobil turlarini kompleks ravishda rivojlantirish orqali raqobatli energetika bozorini tashkil etishni rag‘batlantirish qisqa vaqt ichida o‘z samarasini berishi shubhasizdir.
Oltinoy MAMIROVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati