O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 maydagi “G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, fermer xo‘jaliklari va g‘allachilik klasterlarining moddiy manfaatdorligini oshirish, ichki bozorni bug‘doy va un mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, g‘allani davlat ehtiyojlari uchun zarur hajmdan ortiq xarid qilishdan voz kechish orqali sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish ko‘zda tutilgan.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi Xalilullo Hamidov ushbu qaror ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar va ularning natijalari tahlili xususida intervyu berdi.

– Prezidentimizning 2022 yil 28 maydagi qaroriga asosan 2022 yilning 1 iyunidan g‘alla yetishtirish va sotishda bozor tamoyillariga o‘tildi, –dedi X.Hamidov. – “O‘zdonmahsulot” AJ korxonalari tomonidan bug‘doy uni ochiq birja savdolariga qo‘yildi va sotila boshlandi.

Albatta, bu jarayonlarni muntazam o‘rganish va tahlil qilish kelgusida ushbu sohada qilinajak ishlar uchun muhim manba bo‘ladi. Mazkur islohotlar samaradorligini doimiy ravishda baholab borish maqsadida MHTI tomonidan Bug‘doy uni ulgurji narxlari indeksi ishlab chiqildi. Bug‘doy uni ulgurji narxlaridagi tebranishlar yakuniy iste’mol tovarlari narxiga va umumiy inflyatsiya darajasiga ta’sir qiladi.

Ulgurji narxlar o‘zgarishining chakana bozor narxlariga biroz kechikish bilan ta’sir qilishi va iste’mol narxlari to‘g‘risida ma’lumot to‘plash ma’lum vaqt talab etishi inobatga olinsa, Bug‘doy uni ulgurji narxlari indeksi – BUNNI inflyatsiyani jilovlashda yetakchi indikator va erta ogohlantirish tizimi sifatida xizmat qiladi.

Mahalliy bug‘doy uni uchun BUNNI indeksi 2022 yilning avgust oyida o‘rtacha 107,4 ni tashkil etdi. Avgust oyi oxiriga kelib, g‘alla narxini erkinlashtirishga qaratilgan islohotlarning samara bera boshlashi, 2022 yil hosilining bozorga katta hajmda kirib kelishi hamda bug‘doy importi bo‘yicha imkoniyatlarning kengayishi bug‘doy uni uchun birja narxlarining pasayishida o‘z aksini topdi. Natijada BUNNI indeksi 2022 yilning sentyabr oyida 106,62 gacha, dekabr oyida 105,07 gacha kamaydi.

Ta’kidlash kerakki, 2023 yilning mart-aprel oylarida mahalliy bug‘doy uni narxining pasayishi tezlashdi va bu davrda BUNNI indeksi mos ravishda o‘rtacha 102,13 va 99,24 ni tashkil etdi. Umuman olganda, 2022 yilning avgust oyidan 2023 yilning aprel oyigacha bo‘lgan oraliqda mahalliy un narxi 7,6 foizga arzonlashdi.

2022 yilning fevral oyida dunyoning eng yirik bug‘doy yetishtiruvchi mamlakatlari bo‘lgan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroning boshlanishi oqibatida jahon bozorida bug‘doy va un narxi sezilarli darajada oshdi. 2022-yilning fevral oyida import bug‘doy uni uchun hisoblangan BUNNI indeksi o‘rtacha 88,6 ni tashkil etgan bo‘lsa, iyul oyida 107,75 gacha (+21.6%) ko‘tarildi.

2022 yilning avgust oyidan boshlab, jahon bozorida bug‘doy narxining muvozanatga kelishi va Qozog‘iston tomonidan bug‘doy va un eksportiga qo‘yilgan kvotalar muddatining tugashi natijasida import un narxida ham sezilarli pasayish kuzatildi. 2022 yilning dekabr oyiga kelib, import bug‘doy uni uchun BUNNI indeksi 98,3 gacha tushgan bo‘lsa, 2023 yilning aprel oyida 91,22 ni tashkil etdi. Bu esa import bug‘doy uni o‘rtacha narxi 2023 yilning aprel oyida 2022 yilning iyul oyidagiga nisbatan 15,3 foiz arzonlashganidan dalolat beradi.

Mamlakatimiz un bozorida bug‘doy uni chakana narxlari ulgurji narxlarning o‘zgarishiga faqat bir tomonlama ta’sir ko‘rsatmoqda, ya’ni bug‘doy uni chakana narxlari ulgurji narxlar ko‘tarilganda ko‘tarilmoqda. Lekin ulgurji narxlar pasayishi chakana narxlarda namoyon bo‘lmayapti. Masalan, 2022 yilning iyul oyidan 2023 yilning mart oyigacha bo‘lgan davrda birjada oliy navli import unning o‘rtacha narxi 11,4 foiz, mahalliy oliy navli unning o‘rtacha narxi 13,7 foiz tushganiga qaramasdan, dehqon bozorlari va do‘konlarda oliy navli unning o‘rtacha narxi 28,3 foiz oshgan.

Ushbu raqamlar bug‘doy unining birjadan tashqari ta’minot zanjirida raqobatni kuchaytirish imkoniyati borligini ko‘rsatadi. Xususan, ulgurji xaridorlar o‘rtasida raqobat darajasining pastligi, foyda marjasining yuqoriligi, chakana savdo bilan shug‘ullanuvchilarning inflyatsion kutilmalari yuqoriligi, transport xarajatlarining qimmatligi chakana narxlarning oshib borishiga sabab bo‘lishi mumkinligidan dalolat beradi.

 Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA