2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq respublikada davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish, xususiy mulkning ustuvorligini yanada kuchaytirish, biznes tashabbuslar, startaplarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kompleks institutsional va tarkibiy islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha qabul qilinayotgan choralar samaradorligi va natijadorligi yetakchi xalqaro moliyaviy tashkilotlar va reyting agentliklarining ijobiy baholarida xolisona aks ettirilmoqda. Jahon bankining “Biznesni yuritish – 2018” hisobotida O‘zbekiston tadbirkorlik uchun yanada qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha islohotchi davlatlar qatorida jahonda birinchi o‘ntalikka kirdi.
Shu bilan birga, bir qator yo‘nalishlarda tadbirkorlik sohasini
davlat tomonidan tartibga solishning byurokratlashgan metodlari hali
ham saqlanib qolmoqda, bu esa, o‘z navbatida, mahalliy biznesning raqobatdoshligini jadal rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitiga yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni tatbiq qilish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish bo‘yicha davlat siyosatining izchilligiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga to‘sqinlik qilmoqda. Xususan:
birinchidan, tadbirkorlik faoliyati sohasida zamonaviy talablarga javob bermaydigan, umrini o‘tab bo‘lgan ko‘p miqdordagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari saqlanib qolmoqda;
ikkinchidan, biznes jarayonlarini boshqarishning bozor mexanizmlari juda sekinlik bilan tatbiq etilmoqda, shu jumladan, tartibga solish funksiyalari haddan tashqari markazlashgan, o‘zini o‘zi tartibga solish va jamoatchilik nazorati mexanizmlari sust darajada qolmoqda;
uchinchidan, tadbirkorlar hanuzgacha ayrim vakolatli organlar tomonidan litsenziya va ruxsatnoma berish xususiyatiga ega hujjatlarni rasmiylashtirishda ma’muriy tartib-taomillarning cho‘zilish holatlari bilan to‘qnashmoqda;
to‘rtinchidan, vakolatli davlat organlari o‘rtasida litsenziya va ruxsat berish xususiyatidagi hujjatlarni tubdan qisqartirish, ma’muriy tartib-taomillarni yanada soddalashtirish va ochiqlik darajasini oshirishga qaratilgan o‘zaro hamkorlik zarur darajada olib borilmayapti.
Biznesni yuritishdagi ortiqcha byurokratik jarayonlarni tubdan qisqartirish, xususiy mulkning daxlsizligini himoya qilish va kafolatlashning bozor hamda huquqiy mexanizmlarini muntazam ravishda izchil mustahkamlab borish, respublikada investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan kuchlarni jamlash maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-5308-sonli Farmoniga muvofiq:
1. Quyidagilar tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari borasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tishning soddalashtirilgan mexanizmlarini belgilash, shaffoflikni ta’minlash, biznes bilan o‘zaro munosabatlarda huquqiy aniqlikni mustahkamlash va davlat organlari tomonidan asossiz ma’muriy nazoratni bekor qilish orqali litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari sohasidagi qonunchilikni jadal takomillashtirish;
litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari sonini bosqichma-bosqich qisqartirish, jamoatchilik nazorati, o‘zini o‘zi tartibga solish, sertifikatlash, akkreditatsiyalash, fuqarolik huquqiy javobgarlikni sug‘urtalash, texnik tartibga solish va boshqa zamonaviy usullar orqali tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning muqobil usullaridan keng foydalanish;
davlat boshqaruvi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy qilish, shu jumladan, litsenziyalar va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni berishda idoralararo hamkorlik mexanizmlaridan (G2G), shuningdek, “yagona darcha” tamoyilidan (G2B), eng avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining tarkibiy bo‘linmalari orqali keng foydalanish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarning:
2018-yil 1-iyundan boshlab tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat berish tartib-taomillarining ayrim turlarini, shu jumladan, ularning ba’zi turlarini birlashtirish yo‘li bilan 1 va 2-ilovalarga muvofiq bekor qilish;
2018-yil 1-iyundan boshlab tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalar va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlarini 3-ilovaga muvofiq qisqartirish;
2018-yil 1-iyundan boshlab faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash bo‘yicha funksiyalarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasidan tegishli davlat organlariga 4-ilovadagi ro‘yxatga muvofiq o‘tkazish;
2018-yil 1-iyundan boshlab litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni berish funksiyasini respublika davlat boshqaruv organlaridan ularning hududiy boshqarmalariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklaridan tuman (shahar) hokimliklariga 5-ilovadagi ro‘yxatga muvofiq o‘tkazish;
2018-yil 1-iyundan boshlab tadbirkorlik faoliyati sohasida litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni 6-ilovaga muvofiq amalga oshirish bo‘yicha takliflari qabul qilinsin.
3. 2018-yil 1-iyundan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq tibbiyot va farmatsevtika faoliyati, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyat, ko‘chma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari va teleradioeshittirishlarni tarqatish tarmoqlaridan foydalanish va ularga xizmat ko‘rsatish, shuningdek, neft, gaz va gaz kondensatini qazib olish, qayta ishlash va sotishni amalga oshirish huquqini beradigan litsenziyalardan tashqari, faoliyatning ayrim turlari bilan shug‘ullanish huquqini beradigan barcha litsenziyalar amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
litsenziyalanadigan faoliyat turi doirasida bajariladigan (ko‘rsatiladigan) ishlar (xizmatlar)ning aniq ro‘yxati faoliyatning tegishli turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomlarda ko‘rsatiladi;
agar litsenziyalovchi organ litsenziya berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish muddati davomida litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilmasa, litsenziya da’vogari ko‘rsatilgan muddat o‘tganidan so‘ng litsenziyalovchi organni yozma ravishda xabardor qilgan holda arizada ko‘rsatilgan faoliyat turini amalga oshirishga haqlidir. Bunda litsenziyalovchi organ litsenziya da’vogarining yozma xabarnomasi olingandan keyin besh ish kuni ichida unga litsenziya berishi shart.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda:
litsenziyalovchi va boshqa vakolatli organlar bilan birgalikda mazkur Farmon talablarini inobatga olgan holda faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash tartibi hamda ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni qaytadan ko‘rib chiqsin;
tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni berishga vakolatli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi barcha nizomlarning ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlasin.
6. Litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni berishga vakolatli organlar rahbarlari amaldagi faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash tartibi va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarning ushbu Farmon talablariga o‘z vaqtida muvofiqlashtirilishi uchun shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo‘yilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vakolatli organlar tomonidan ushbu band talablarining bajarilishi bo‘yicha tizimli monitoring o‘rnatsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
litsenziyalar va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlar sonini keskin kamaytirish ishlarini davom ettirsin, bunda zarur hujjatlar ro‘yxatini qisqartirish, ma’muriy tartib-taomillarning muddat va qiymatlarini maqbullashtirish orqali ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirishga va ularning shaffoflik darajasini yanada oshirishga, manfaatdor maqsadli auditoriyada so‘rovlar o‘tkazish, bu boradagi ilg‘or xorijiy tajribani tanqidiy o‘rganish, biznes hamjamiyati bilan maslahatlar o‘tkazish hamda yetakchi xalqaro ekspertlarni jalb qilish asosida ularning raqobat muhitiga ta’sirini tahlil qilishga alohida e’tibor qaratsin;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli takliflar kiritsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, Savdo-sanoat palatasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.R.Inoyatov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 11-aprel