O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Respublikadagi fermer xo‘jaliklari dala chetlaridagi yer maydonlarini o‘zlashtirish, ularda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va ularning ishonchli xaridini tashkil qilish ishlarini tizimlashtirish, ushbu tizimga alohida mas’ul tashkilotni biriktirish hamda dala cheti yer egalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

1. Respublikadagi fermer xo‘jaliklarining dala chetlarida 58,9 ming gektarga yaqin maydonlar bugungi kunda yer egalari tomonidan to‘liq foydalanilmayotgani Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan aniqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligiga (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) fermer xo‘jaliklarining dala chetlarini o‘zlashtirishularda mahsulotlar yetishtirish va yetishtirilgan mahsulotlarning ishonchli xaridini tashkil qilish vazifasi yuklatilsin.

3. Agentlikka:

dala chetlarida ishlarni to‘g‘ri va sifatli tashkil qilish, yer egalariga ekishdan boshlab mahsulotni realizatsiya qilishgacha bo‘lgan davrda amaliy yordam berish uchun 2023 yilda har bir tumanga 4 nafargacha, jami 672 nafargacha mavsumiy agronomlarni ishga qabul qilishga ruxsat berilsin;

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti va Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti biriktirilsin.

Agentlik tizimidagi shtat birliklari doirasida qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini joriy qilishga mas’ul bo‘lgan direktor o‘rinbosari shtati joriy qilinsin.

Belgilansinki, mavsumiy agronomlarning 2023 yildagi ish haqlarini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar olingan byudjet ssudasi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga berilgan kreditlar foiz stavkasi o‘rtasidagi tafovut natijasida Agentlik ixtiyorida qoladigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

4. Agentlikka biriktirilgan ilmiy-tadqiqot institutlariga quyidagi vazifalar yuklatilsin:

fermer xo‘jaliklarining dala chetlaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy asoslarni ishlab chiqish, sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari seleksiyasi yutuqlarini har bir hududning iqlim sharoitlaridan kelib chiqib qo‘llash;

fermer xo‘jaliklarining dala chetlarida qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishhosilini saqlash, ularni kasallik va zararkunandalardan himoya qilishning samarali, uyg‘unlashgan innovatsion uslublarini joriy qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda har bir tumanda seminar va treninglar o‘tkazib borish.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 5 apreldagi “2023 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-113-son qarori doirasida Agentlikning Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 2023 yilda ajratilishi ko‘zda tutilgan 400 milliard so‘m byudjet ssudasi hisobidan 100 milliard so‘m yillik 10 foiz stavkada quyidagi maqsadlar uchun sarflanishi belgilansin:

dala chetini o‘zlashtirish va mahsulot yetishtirish uchun zarur bo‘lgan urug‘, ko‘chatlar, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy preparatlar, moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlash;

suv bilan ta’minlash uchun nasos va quvurlarni o‘rnatishga qarz shartnomasi asosida, naqd pul shaklida qishloq xo‘jaligi korxonalari va dala cheti yer egalariga 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada qarz ajratish.

Bunda, berilayotgan qarz mablag‘lari olinayotgan daromadning 50 foiziдан oshib ketishi mumkin emas.

Mazkur qaror doirasida Agentlik tomonidan talabgorlarning eng yaxshi takliflarini tanlash usuli orqali qarz mablag‘lari ularning qaytmaslik xatarini sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi taqdim etilgandan so‘ng ajratilishi belgilansin.

Agentlikka dala chetlariga kredit asosida nasos va quvurlarni o‘rnatib, suv bilan ta’minlash choralarini ko‘rish uchun uch tomonlama shartnoma asosida korxonalarni jalb qilishga ruxsat berilsin.

6. O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.Xaitov) quritish sexi va sovitkichli omborxonalarni xarid qilishga Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 50 milliard so‘m mablag‘ ajratsin.

Ushbu mablag‘lar Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan:

qishloq xo‘jaligi korxonalariga 36 oygacha imtiyozli davr bilan 84 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada ajratilsin. Bunda, kredit summasining 60 foizi bo‘yicha garov ta’minoti sifatida o‘rnatiladigan quritish sexi va sovitkichli omborxonalar olinishi, 40 foizi bo‘yicha garov ta’minoti sifatida ularning qaytmaslik xatarini sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi olinishi belgilansin;

tashabbuskorlarga quritish sexi va sovitkichli omborxonalar o‘rnatib berilgandan so‘ng mahsulot yetkazib beruvchining hisob raqamiga o‘tkazib berish sharti bilan ajratilsin.

7. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida qishloq xo‘jaligi yerlari atrofida kollektor-drenaj tarmoqlari mavjud bo‘lgan fermer xo‘jaliklariga zovur suvlarida 200-250 boshdan o‘rdak boqish va asalari uyasi tashkil qilishuchun yillik 14 foiz stavkada imtiyozli kreditlar ajratilsin.

8. Fermer xo‘jaliklarining dala chetida ekiladigan ekin va yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, boqiladigan parranda va asalari uyalari hamda sovitkichli omborxona va quritish uskunalarini joylashtirish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlar 1-4.13-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

9. Foydalanilmay bo‘sh turgan dala chetlari hamda kollektor-drenaj tarmoqlari atroflaridagi qishloq xo‘jaligi ekinlari yer maydonlarida mahsulotlarni yetishtirish uchun 5-ilovaga muvofiq tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga vazifalar yuklatilsin.

10. Sirdaryo viloyati hokimligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2023-2025 yillarda Sirdaryo viloyatida foydalanilmay bo‘sh turgan dala chetlari hamda kollektor-drenajlar atroflaridagi 500 gektar maydonda ixcham ijtimoiy issiqxona”ni tashkil qilib, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga tayyor holda 2,5 сотихдан ajratilishini ta’minlasin.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi “ijtimoiy issiqxona” loyihasini amalga oshirishni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlaridan 50 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit resurslarini jalb qilsin.

11. Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Agentlik yil yakuniga qadar dala chetlarida ishlarni tashkillashtirishga jalb qilingan mavsumiy agronomlar ijobiy natijasini tahlil qilgan holda, ushbu tizimni keyingi yillarda ham joriy qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga asoslangan taklif kiritsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 6-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

13. Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib qishloq xo‘jaligi vaziri A.B.Voitov, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.A.Xaitov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi 

       Prezidenti                                                                                                                           Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2023 yil 12 aprel