Finlyandiya parlamenti, mamlakat poytaxtidagi HSL transport operatori va boshqa tashkilotlar hamda bosh vazir Sanni Marinning shaxsiy sayti mamlakat NATOga a’zo bo‘lgan kuni xakerlar hujumiga uchradi, deyiladi tashkilot tarqatgan xabarda.
Finlyandiya 4 aprel kuni NATOning 31chi a’zosiga aylandi.
Parlament matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, xakerlar hujumi “xizmat ko‘rsatishni rad etish” ko‘rinishida bo‘lgan va 8 soat davom etgan. Seshanba kuni Telegramning rus tili akkauntida NoName 057 xakerlar guruhi Finlyandiya NATOga a’zo bo‘lgani sababli yuqorida nomi keltirilgan barcha tashkilotlar saytlari DoS-hujumga uchrashini ma’lum qilgan edi.
Xabarda keltirilishicha, aynan ushbu xakerlar guruhi 27 mart kuni Fransiya Milliy majlisi saytini bloklab qo‘ygan edi.