Jumadan jumagacha
Oktyabr oyida Shimoliy Atlantika alyansiga yangi rahbar keladi. Bosh kotib Yens Stoltenberg fevralda matbuot kotibi orqali lavozimi muddatini uzaytirmasligini ma’lum qilgan. Ayni shunday bayonotni Ukraina nizosi avj ola boshlagan 2022 yil bahorida uning o‘zi ham aytgan edi.
Bryusseldagi qarorgohda NATOning o‘n to‘rtinchi rahbar kim bo‘lishi yuzasidan bahs avjida. Mazkur lavozimga ayol kishi qo‘yilishi ehtimoli yuqoriligi to‘g‘risida anchadan beri gap yuribdi. Shundan kelib chiqib, alyansga a’zo davlatlar elchilarining aksariyati o‘z nomzodlarini norasmiy ravishda ilgari surishmoqda.
Yens Stoltenberg 2014 yildan beri NATOga rahbarlik qilib keladi. Uning vorisi o‘ttiz a’zo davlat o‘rtasida hamjihatlikni, manfaat muvozanatini ta’minlashi, kelishuv asosida qaror qabul qilishga “usta” bo‘lishi lozim. Undan diplomatik mahorat va tashkilotga sadoqat ham kutiladi.
NATO yetakchisi o‘tmishda davlat yoki hukumatni boshqargan bo‘lishi kerak. Ingliz tilini bilish shart, fransuz tilida so‘zlasha olish nomzod imkoniyatni oshiradi. Vashington bilan munosabat ham muhim. Zero, alyansda so‘nggi so‘zni, yozilmagan qonunga ko‘ra, albatta Qo‘shma Shtatlar aytadi, deyishadi ekspertlar.
Yangi bosh kotib o‘ttiz hukumatning kelishuvi bilan tasdiqlanadi. Bunda mintaqaviy manfaat, nomzod mamlakatining harbiy va diplomatik salohiyati e’tiborga olinadi. Turkiya vakili hozir bu lavozimga talabgorlik qilolmaydi. Sababi ma’lum: Shvetsiya va Anqara bir-birini qo‘llamaydi va hakozo…
Nomzod ariza yozib mansabga o‘tirolmaydi, tanlov qo‘mitasi yo‘q. Ovoz berish usuli ham qo‘llanmaydi. Diplomatlar o‘z hukumati nomidan yopiq uchrashuv chog‘ida nomzodini “ko‘kka ko‘tarishadi”. Yangi bosh kotib nomi davlat va hukumat yetakchilari sammitida e’lon qilinadi. Navbatdagi yuqori darajadagi yig‘ilish 11 iyul kuni Vilnyusda o‘tishi rejalangan.
Shimoliy Atlantika alyansning avvalgi 13 rahbari doim ham yuqorida keltirilgan talablar asosida tanlanmagan. Masalan, NATOning 1988-1994 yillardagi rahbari Manfred Vyorner hech qachon hukumatni boshqarmagan, bor-yo‘g‘i mudofaa vaziri bo‘lgan, xolos.
Birinchi rahbar, general rutbali britaniyalik baron Gastings Ismey sobiq Hamdo‘stlik ishlari bo‘yicha vazir edi…
bugungi da’vogarlar orasida Estoniya hamda Litvaning amaldagi Bosh vazirlari Kai Kallas va Ingride Shimonite bor. Yevropaning sharqiy mamlakatlaridan ko‘rsatiladigan nomzodlarga Polsha qarshi chiqishi aniqligi uchun ular ortiqcha urinmaydilar, deyishadi ekspertlar.
Shunga qaramay, Ukraina bilan qo‘shni Slovakiya Prezidenti Zuzana Chaputova nomzodi haqida gap-so‘zlar chiqib turibdi.
Qora dengiz bo‘yida joylashgan Ruminiya NATO uchun muhim davlat. Shu ma’noda mazkur mamlakat rahbari Klaus Yoxannisning nomzodi ko‘rilayotgani tabiiy hol.
Italiya va Birlashgan Qirollik sobiq hukumati rahbarlari Mario Dragi va Tereza Mey nomlari ham qayd etilmoqda, deydi tahlilchilar. Kanada moliya vaziri Xristi Frilandning omadi chopib qolishi-da hech gap emas. U ukrainalik muhojirlar nevarasi, rus ommaviy axborot vositalari bu haqda ancha jar soldi. Natijada Ottava vazir obro‘sini tushirishga harakat qilgani uchun Moskvaning bir necha diplomatini mamlakatdan chiqarib yubordi…
Uzun quloq gaplarga ko‘ra, amaldagi bosh kotib lavozimini saqlab qolishi ham mumkin. “Kechuvda otlar almashtirilmaydi” – hozirgi xalqaro murakkab harbiy-siyosiy vaziyatda kadrlar masalasi ko‘ngilga sig‘armidi?” deguvchilar ham yo‘q emas.
Keyingi yil aprel oyida NATO tuzilganiga 75 yil to‘ladi, marosim Vashingtonda bo‘lib o‘tadi. Stoltenbergning tashkilot va ayrim davlatlar oldida esa xizmati katta…
Yuqoridagi fikrlar ekspert va tahlilchilar farazi, xolos. Yozgacha yana nima gap-u, nima so‘z. Hayot “syurpriz”lardan – kutilmagan voqea-hodisalardan iborat…
Hukumat so‘zidan qaytadi…mi?
Tel-Aviv va Quddusning asosiy ko‘chalarini to‘ldirgan ommaviy norozilik namoyishlari haligacha davom etmoqda. Isroil davlat bo‘libdi-ki, bunaqasini ko‘rmagan. Bir necha oydan buyon mamlakatning sud-huquq islohotiga qarshi munosabat bildirish tinmayapti.
Hukumat rahbari kutilmaganda islohotga ochiq qarshi chiqqani uchun mudofaa vaziri, “Likud”dan partiyadoshi Yoav Galantni lavozimidan olishi inqirozni avj oldirdi.
O‘tgan yakshanba kuni yarim million aholisi bor Tel-Aviv ko‘chalari odamlar bilan to‘ldi, kasaba uyushmalari umumiy ish tashlash e’lon qildi, mamlakat bosh aeroporti Ben-Gurion bir muddat ishlamadi. Xayfa porti to‘xtadi, universitetlar yopildi, hatto, shifokorlar xastalarni, Ichki ishlar vazirligi shikoyatchilarni qabul qilmadi…
Netanyaxu 1948 yildan beri sud tizimida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarni taklif qilyapti. Ko‘plab siyosatchilar ham loyihani qaytarish zarurligini aytmoqda.
Ekspertlar izohicha, islohot bir qarashda Isroil Oliy sudini yanada kuchliroq va go‘yoki, adolatliroq qilishga qaratilgan. Sudyalarni, Isroil parlament respublikasi bo‘lishiga qaramay, a’zolari tanlab olinadigan komissiya taqdimotiga binoan, Prezident tayinlaydi. Komissiya tarkibida Oliy sudning uch a’zosi, ikki vazir, Knessetning ikki deputati va ikki advokat vakili bor.
Norozilikning muhim jihati, to‘g‘ri ovoz olish bilan saylangan parlamentning Oliy sudga ta’siri yo‘q. Bosh vazir atay parlamentning qonun ijodkorligidagi rolini o‘zgartirish taklifini ilgari surmoqda.
Hozir Oliy sud Knessetning istalgan qonun loyihasiga veto qo‘yish huquqiga ega. Yangi qonunda deputatlarning uchdan ikki qismi shunday qarorni bekor qilishi mumkin. Maqsad – sudyalar xalq irodasi bilan saylangan deputatlar ishiga aralashmasin.
Raqobatchilar esa parlamentda aksariyat ovozga ega hukumat raisi istagan qonunini o‘tkazishi mumkinligi, bu – aniq diktatura ko‘rinishi, deyishyapti. Ko‘rinadi-ki, hukmron partiya mamlakat sud tizimi ustidan jidddiy nazoratni o‘z qo‘liga olmoqchi.
Shuningdek, loyihada sudyalarni tanlaydigan komissiya tarkibini ham o‘zgartirish, ya’ni hukumat a’zolari sonini ko‘paytirish rejasi ifodalangan.
Yana bir yangilik: sud islohoti paketida amaldagi bosh vazirning lavozimga noloyiqligini e’lon qilish og‘irlashtirmoqda. Qonun loyihasida hukumat raisi jismoniy yoki aqliy ish qobiliyatini yo‘qotgan taqdirdagina ishdan ketishi mumkin, deb bitilmoqda.
Muxolifat mazkur qonunni Netanyaxu o‘zi uchun yozgan, chunki firibgarlik, poraxo‘rlik va ishonchni yo‘qotish bilan bog‘liq ishlarni sudda ko‘rish ancha paytdan beri cho‘zilib kelmoqda, deyapti. Qonun qabul qilinsa, sud tekshiruvida bosh vazirni lavozimga noloyiq, deb topish mushkullashadi.
Tahlilchilar aytishicha, sud islohoti qonun loyihasida hukumat raisiga yon bosadigan holatlar nihoyatda ko‘p.
Islohotga qarshi chiqayotganlar falastinliklar ham bundan zarar ko‘rishi to‘g‘risida gapiradilar. Ilgari sud qarori bilan sharqiy Quddusdan falastinliklarni majburlab ko‘chirish to‘xtatilgani to‘g‘risida dalillar bor…
Mamlakat tadbirkorlari va moliyachilari hayron-u lol. Hatto, kuch ishlatar tizimlar bo‘linib ketishi ehtimoli yuzaga kelmoqda.
Politsiya ommaviy namoyish paytida, deyarli, xalqqa qarshilik ko‘rsatmadi, Netanyaxuning uyiga bostirib kirish xavfi yuzaga kelgandagina, odamlar kuchli suv bosimi bilan tarqatib yuborildi.
Tahlilchilar islohot “uxlaydi”, deb faraz qilmoqda.
O‘z kuchiga mislsiz ishongan bosh vazirning yangi hukumatdagi obro‘-e’tiboriga esa, tuzuk-quruq ish boshlamasidan, putur yetdi…
YeI-XXR: buyog‘i nima bo‘ladi…
Litva tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergis XXR yetakchisining Moskvaga safarini sharhlab, “agar Si Szinpin dushmanimiz bilan do‘stlashar ekan, biz Xitoy masalasini qayta ko‘rib chiqishimiz kerak”, dedi.
Buning ustiga Xalqaro jinoyat sudi Kreml rahbarini harbiy jinoyatlar shubhasi bilan qo‘lga olish to‘g‘risida qaror chiqardi.
Landsbergis qo‘shimcha qilib, “zudlik bilan Xitoydan uzoqlashish uchun harakat boshlanmog‘i kerak”, dedi qat’iy.
Bryusselda esa bunday jiddiy chora ko‘rish fikri yo‘q. Ekspertlar ma’lumotiga ko‘ra, Si va Putin oxirgi yillari 40 martadan ziyod ko‘rishgan. Demak, Moskva uchrashuvi ikki yetakchi do‘stligi namoyishi – kutilgan voqea.
Boshqa bir guruh tahlilchilar Rossiyaning “bo‘shashib” qolganidan XXR foydalanib qolmoqchi, deb o‘ylayaptilar.
Xitoy Ukraina ziddiyatini qoralab chiqmagan kam sonli mamlakatlardan. Pekin, shuningdek, Moskva ustidan hozirlangan BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasini qo‘llamadi. Rossiyadan neft va gaz sotib olishni bemalol davom ettirmoqda.
Sining Rossiya bilan abadiy do‘stlik va’dasi tufayli Xitoy va YeI munosabati, go‘yoki, avval yaxshi bo‘lgan-u, endi yomonlashgan emish.
O‘tgan hafta NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Pekinning Moskvaga xalokatli qurol yetkazib berishga intilayotgani to‘g‘risida Shimoliy Atlantika alyansida ma’lumot yo‘q, deb bayonot berdi.
Sharhlovchilar Xitoy Rossiya harbiy amallarini bilvosita qo‘llamoqda, deb bilishadi. Iqtisodiy hamkorlik o‘z yo‘liga. “To‘g‘ri ma’noda, qurol bo‘lmasa ham yuk mashinalari ehtiyot qismlari, kiyim-kechak va boshqa tovarlar yetkazib berilmoqda-ki, bundan harbiylar foydalanayotgani ma’lum”…
Agar Rossiyaga yirik harbiy uskuna, texnika yetkazib berayotgani isbotlasa, G‘arb va Yevropa Xitoyni “sog‘” qo‘ymaydi, deyishadi ayrim ekspertlar.
Koronavirus pandemiyasi bahonasida, aslida esa, Tayvan va Shinjon voqealari bilan bog‘liq vaziyatdan keyin Pekinning G‘arb bilan diplomatik aloqasi buzilgan edi. Endi-endi munosabat barqarorlashmoqda, ammo hali-hunuz keskinlik mavjud.
Okean orti mamlakati ma’muriyati YeI a’zolarini Pekinga qarshi bormaslikka undaydi. Vashingtonning bunday ogohlantirishi ko‘p ham manziliga yetib bormayapti.
Masalan, Niderlandiya ilg‘or mikrochip texnologiyasini XXRga sotishni taqiqladi, Germaniya “Huawei” va “ZTE” ishlab chiqargan muhim komponentlarning xavfsizlik auditini e’lon qildi.
Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen yanvarda Davosdagi xalqaro iqtisodiy forumda YeI “xavfni bartaraf qilishni xohlaydi, lekin Xitoydan “ajralmasdan”, deya, Pekin hali kerakligiga urg‘u bergan.
Ekspertlar ta’kidicha, Xitoyning YeIdagi yangi elchisi Fu Sun ish boshlashi bilan munosabatga “iliq havo kirgandek” bo‘ldi. YeIning Xitoyga va XXRning YeIga kiritgan sanksiyalarini olib tashlash ustida ish boshlab yuborildi.
Ko‘rinib turganidek, YeIda Xitoy bilan aloqani qayta ko‘rib chiqish niyati yo‘q. A’zo davlatlarning ayni masalaga qarashi har xil: ayrimlar Pekin bilan savdo aloqasini rivojlantirish kerak, desa, boshqalar Vashington siyosatiga qarash zarurligini aytishadi.
Ekspertlar fikricha, Xitoyning o‘zi bir-biriga mos kelmaydigan – Rossiya va Yevropa bilan aloqada muvozanatni saqlab qolmoqchi…
Bugungacha shu.
Kelasi jumada uchrashguncha!
Abror G‘ulomov, O‘zA siyosiy sharhlovchisi