Payshanba kuni AQSHning Katta hakamlar hay’ati sudyalari sobiq prezident Donald Trampga ayblov e’lon qilishni ma’qullab ovoz berdi, deyiladi CNN telekanali bergan xabarda.

Xabarda “Nyu-Yorkning Katta hakamlar hay’ati Trampga ayblov e’lon qilishni ma’qullab ovoz berdi”, – deyiladi.

New York Times gazetasining yozishicha, Manxetten prokurori yaqin kunlarda sobiq prezidentdan ayblov e’lon qilinishi uchun sudga kelishini talab qiladi.  

Ma’lumki, ancha kunlardan buyon Manxetten sudida Trampga qarshi ish ko‘rib chiqilmoqda. U aktrisa Stormi Deniels bilan ishqiy munosabatlari bo‘yicha tergov bermoqda. Ayrim manbalarda aytilishicha, go‘yo Tramp aktrisaga jim yurish sharti bilan katta miqdorda pul bergan emish.

Sobiq prezidentning o‘zi esa Deniels bilan aloqasi yo‘qligini va umuman o‘zi tomonidan hech qanday qonunga qarshi harakatlar qilinmaganini uqtirib kelmoqda.

Trampning ta’kidlashicha, ta’qiblar siyosiy maqsadlarda amalga oshirilmoqda va bu uning 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan  prezident saylovida nomzodini ko‘rsatish rejasi bilan bog‘liq.

Xabarlarga ko‘ra, Manxetten prokuraturasi AQSHning sobiq prezidentiga 30 dan ortiq epizod bo‘yicha ayblov qo‘ymoqda. Ayblovlar orasida uning tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq firibgarliklari ham bor, deyiladi CNN telekanali bergan xabarda.

Avvalroq Manxetten prokuraturasi Tramp advokatlari jamoasi bilan bog‘lanib siyosatchiga ayblov e’lon qilinishini aytib, sudda ishtirok etishi kerakligini ma’lum qilgan. Sobiq prezidentning advokati Syuzen Necheles uning sudga kelishini tasdiqlagan.

Tramp mamlakatning sud tizimiga baho berar ekan, “AQSH uchinchi darajali mamlat” ekanini aytib, Nyu-York sudida ish haqqoniy ko‘rilishiga ishonmasligini ta’kidlagan.

AQSH kongressi vakillar palatasining spikeri respublikachilardan bo‘lgan  Kevin Makkarti Manxetten prokurori  Elvin Breggini hokimiyatini suiste’mol qilayotganlikda ayblagan. Respublikachilar 2024 yilda bo‘ladigan  prezident saylovida ko‘rsatadigan nomzodlar borasida Trampga asosiy raqib bo‘lishi kutilayotgan Florida shtati gubernatori Ron Desantis esa sud ishi shubhali kechayotganini ta’kidlab, uning shtati Trampni ekstradatsiya qilinishiga yordam bermasligini bildirgan.

CNN telekanali Donald Tramp payshanba kuni unga nisbatan ayblov e’lon qilinishini kutmaganini ta’kidlamoqda.

Manbada keltirilishicha, Tramp OAV xabarlariga tayangan holda,  unga nisbatan ayblovlar kamida bir necha haftadan keyin e’lon qilinishi mumkin, deb o‘ylagan ekan.

“U bugun ushbu xabardan sarosimaga tushdimi? Shubhasiz”, – degan Tramp bilan shaxsan uchrashgan manba.

Yana boshqa manbalarda keltirilishicha, Trampga qarshi ovoz berishga guvohlarning ko‘rsatmalari ta’sir ko‘rsatgan.

Ovoz berish  guvohning 30 daqiqa davomida bergan ko‘rsatmasiga asoslangan. Hozircha guvohning shaxsi oshkor qilinmayapti. Chunki Katta hakamlar hay’ati majlisi maxfiy hisoblanadi.

Ayblov rasman e’lon qilinishi uchun Trampning o‘zi sudda hozir bo‘lishi talab etiladi.

Donald Tramning siyosiy vazni Amerikada hali ham salmoqli hisoblanadi. Qolaversa,  u katta tadbirkor va milliarder. Shu bois ham sobiq prezidentga ayblov e’lon qilinishi turli siyosiy doiralarda turlicha talqin qilinmoqda.  Masalan, sobiy vitse-prezident Mayk Pens Amerika xalqi uchun AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampga qarshi ayblov e’lon qilinishi mamlakatda siyosat kriminallashganining yana bir isboti bo‘ladi, deb bayonot berdi.

“O‘ylashimcha, amerikaliklar  mamlakatimizda siyosatning kriminallashganiga yana bir bor guvoh bo‘ladi”, – degan u CNN telekanali efirida chiqish qilib.

Bundan tashqari, Pensning fikricha, Trampga qo‘yilgan ayblovlar misli ko‘rilmagan va kishining g‘azabini keltiradigan darajada ish bo‘lib, millionlab amerikaliklar bu ishni “siyosiy ta’qibdan boshqa narsa” emas, deb bilishadi.

Ma’lumki, 2024 yilda AQSHda navbatdagi prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Unda amaldagi Prezident Jo Bayden ham o‘z nomzodini ko‘rsatishi haqida gap-so‘zlar yuribdi. Avvalgi saylovda Jo Bayden sobiq prezident Donald Trampdan prezidentlik lavozimini deyarli tortib olgan edi. Shu bois  azaldan bir-biriga  ashaddiy raqobatchi bo‘lib kelayotgan bu ikki siyosatchining bu galgi qarama-qarshiligiga nafaqat amerikaliklar, balki jahon siyosatchilari  ham katta qiziqish bilan kuzatib bormoqda.

(Material internet xabarlari asosida tayyorlandi)    

 

S.Rahimov, O‘zA