Singapurda suv polosi bo‘yicha erkaklar va ayollar terma jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo birinchiligida mamlakatimiz ayollar terma jamoasi bronza medalini qo‘lga kiritib, joriy yil 1-7 may kunlari Germaniyada o‘tadigan jahon kubogi bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Jahon kubogiga ilk bor yo‘llanmani qo‘lga kiritgan hamyurtlarimiz qit’a chempionati davomida munosib o‘yin namoyish etdi. Bu yakuniy hisoblarda ham aks etdi. Vakilalarimiz tailandliklarni 16:13, Singapur jamoasini 11:10 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Erishilgan natijalarga ko‘ra, Qozog‘iston vakillari birinchi, tailandliklar ikkinchi, O‘zbekiston terma jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.

Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda hamyurtlarimiz Xitoy, Singapur, Eron, Tailand, Gonkong, Qozog‘iston, Filippin kabi 8 ta terma jamoa bilan ikki guruhga bo‘lingan holda kuch sinashdi.

O‘zbekiston terma jamoasi «A» guruhidagi bosqich o‘yinlari yakunida 5-8 o‘rinlar uchun kurashni davom ettirdi. Pley-off bosqichining dastlabki uchrashuvida Gonkong terma jamoasini 12:11 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan vaterpolchilarimiz 5-6 o‘rinlar uchun Singapur termasi bilan bahs yuritdi. So‘nggi daqiqaga qadar murosasiz kurashlar ostida kechgan musobaqada mezbonlar 12:11 hisobida zafar quchdi.

Shu tarzda erkaklar o‘rtasidagi musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi kuchli oltilikdan o‘rin egalladi.

O‘zA