Xitoy iqtisodiyoti yil boshidan buyon jadal sur’atda tiklanmoqda, deb bayonot berdi XXR Davlat kengashi rahbari Li Syan payshanba kuni Xaynan orolida ochilgan Boao Osiyo iqtisodiy forumida so‘zga chiqib.
“Joriy yilning dastlabki ikki yilida Xitoy iqtisodiyoti tiklanishning ijobiy sur’atini namoyish qildi. Mart oyida esa vaziyat yanvar bilan fevralga qaraganda ham yanada yaxshiroq bo‘ldi”, – dedi Li Syan.
Xitoy Davlat kengashi rahbarining ta’kidlashicha, asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar, jumladan, iste’mol va investitsiya, bandlik va narxlar barqaror bo‘lib turdi, bozor yanada yaxshilandi.
Li Syanning aytishicha, Xitoy yuksalishga intilmoqda. Bunda ustuvorlik barqaror taraqqiyotga, ichki talablarni kengaytirish strategiyasi bilan tuzilmaviy islohotlarni muvofiqlashtirib borishga qaratiladi.
Bundan avval Li Syan Xitoy joriy yilda belgilangan YAIMning 5 foizlik o‘sishiga erishish oson bo‘lmasligini ta’kidlagan edi. Yangi tahdidlarni hisobga olgan holda hukumat sa’y-harakatlarni yanada oshirish talab qilinadi, degandi u.
2023 yilgi rejaga ko‘ra, Xitoy hukumati 2023 yilda mamlakat YAIMi o‘sishi taxminan 5 foiz bo‘lishini prognoz qilgandi. 2022 yilda Xitoy YAIMi mamlakatda koronavirus infeksiyasi kuchayishi va xalqaro ahvol barqaror bo‘lmagani bois 2021 yilga nisbatan atigi 3 foizga o‘sgandi.