Xabar berganimizdek, poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha ikki kun davom etgan Rustam Qosimjonov xalqaro turniri kutilgan va kutilmagan natijalarga boy kechdi.

Bugun kun mobaynida xalqaro turnirning qolgan 4 ta tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Murosasiz kurashlarga boy kechgan musobaqada iste’dodli shaxmatchimiz Javohir Sindorov 6,5 ochko jamg‘argan holda mamlakatimizda ilk bor tashkil etilgan Rustam Qosimjonov xalqaro turnirining “Masters” guruhida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Eronlik shaxmatchi Parxam Magsudlu 6 ochko bilan 2-o‘rinni, hamyurtimiz Shamsiddin Vohidov 5 ochko jamg‘argan holda uchlikka yakun yasadi. Ushbu guruhda g‘oliblikka asosiy da’vogar sanalgan Nodirbek Abdusattorov kuchli beshlikdan o‘rin oldi.

Xalqaro turnirning “Chellenjer” guruhida hamyurtimiz  Ortiq Ne’matov va serbiyalik Aleksandar Indjich 6,5 ochkoga ega bo‘lishdi. Ammo, koeffitsiyentlar evaziga serbiyalik shaxmatchi 1-o‘rinni hamyurtimiz Ne’matov ushbu guruhda 2-o‘rinni egallagani qayd etildi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA