Ayni kunlarda mamlakatimizning o‘smirlar terma jamoasi a’zolari Albaniyaning Durres shahrida o‘tayotgan jahon chempionatida yurtimiz sharafini himoya qilmoqda.

Chempionatning beshinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ilk medalni qo‘lga kiritdi. 81 kg. vazn toifasida bahs olib borgan terma jamoamiz a’zosi Diyorbek Ermatov shiddatli o‘tgan bahsda 1 ta oltin va 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Diyorbek dast ko‘tarish mashqida 145 kg. bilan eng yuqori natija qayd etdi. Siltab ko‘tarishdagi 169 kg. va ikki kurashdagi 314 kiloli toshni bo‘ysundirish uni shohsupaning uchinchi pog‘onasiga olib chiqdi.

Dast ko‘tarishda 143 kg., siltab ko‘tarishda 179 va ikki kurash natijasida 322 kilo toshni bo‘ysundirgan gruziyalik Levan Ochigava oltin, dast ko‘tarishda 142 kg., siltab ko‘tarishda 174 hamda ikki kurashda 316 kilo ko‘rsatkichga erishgan Janubiy Koreya vakili Kvon Da He kumush medalni qo‘lga kiritdi.

 

T.Ro‘ziyev,

O‘zA