Joriy yilning aprel oyidan mamlakatimiz mahalla yoshlari o‘rtasida «Besh tashabbus olimpiadasi» boshlanadi. Shu munosabat bilan Yoshlar siyosati va sport vazirligida videokonferensiya orqali o‘tkazilgan yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy bo‘limlaridan mas’ullar ishtirok etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yig‘ilishda «Besh tashabbus olimpiadasi» sport musobaqalarida yoshlar qamrovini oshirish, musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish, g‘olib va sovrindorlarni taqdirlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha mutasaddilarga aniq vazifalar yuklandi.
Muhokamalar davomida musobaqalar aprel, may, iyun oylarida o‘tkazilishi, uning tizimida «Yoshlar raqs festivali» tanlovi, sog‘lom turmush tarzi va sportni ommalashtirishga qaratilgan gimnastrada, quvnoq startlar, yengil atletika, minifutbol, stol tennisi, shashka, futbol bo‘yicha respublika sport musobaqalari hamda ilk marotaba yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirishga qaratilgan tikuvchilik, sartaroshlik, oshpazlik, qandolatchilik, hunarmandchilik tanlovlari o‘tkazilishi ta’kidlandi.
Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov raisligida o‘tgan yig‘ilishda ishtirokchilardan arizalarni qabul qilish beshtashabbus.uz sayti orqali qabul qilinayotgani aytildi.
Eslatib o‘tamiz, «Besh tashabbus olimpiadasi»ning ortda qolgan mavsumida mamlakatimizning 6,2 milliondan ortiq yoshlari qamrab olingan edi.
O‘zA