O‘zaro munosabatlarda yangi sahifa ochilmoqda

Turkiya O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan va shu tariqa mamlakatimizning dunyo xaritasida yangi davlat sifatida e’tirof etilishini boshlab bergan edi.

O‘zbek va turk xalqlarini azaliy do‘stlik va qardoshlik rishtalari bog‘lab turadi. Xalqlarimizning dini va tili bir, madaniyati, urf-odatlari o‘xshash. Qolaversa, Turkiyaning rivojlangan sanoati, transport kommunikatsiyalari, dengiz yo‘llari, qishloq xo‘jaligi, turizm salohiyati, ulkan davlatchilik tajribasi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Turkiya turli sohalarda o‘rnak bo‘lsa arzigulik darajada rivojlangan, iqtisodiy salohiyatiga ko‘ra, jahondagi katta yigirmatalikka kiruvchi davlatlardan biri. Mamlakat iqtisodiyotida sanoatning ulushi 28 foiz, qishloq xo‘jaligi – 15, qurilish – 6, xizmatlar 51 foizni tashkil etadi. Sanoat ishlab chiqarishning umumiy hajmida qayta ishlash sanoati eng katta ulushga ega. Butun mamlakat bo‘yicha kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. To‘qimachilik, konchilik, oziq-ovqat, kimyo, farmatsevtika tarmoqlari, energetika, metallurgiya, kemasozlik, avtomobilsozlik va elektr maishiy tovarlar ishlab chiqarish keng rivojlangan. Ayniqsa, turizm izchil rivojlanayotgan sohalardan biri hisoblanadi.

Turkiyaning ushbu sohalardagi yutuqlarini o‘rganish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarda ushbu davlatning ilg‘or tajribalaridan foydanish, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarga turk tadbirkorlari va kompaniyalari sarmoyalarini jalb qilish mamlakatimiz manfaatlariga to‘la mos keladi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston ham Turkiyaning mintaqamizdagi tashqi siyosatida muhim o‘rin tutadi. Mamlakatimiz bugungi kunda Anqaraning Markaziy Osiyodagi asosiy sheriklaridan biridir. O‘zbekistonning ulkan bozori, tobora liberallashib borayotgan iqtisodiyoti, qulay investitsiyaviy muhiti, tarixiy shaharlari va muqaddas diniy qadamjolari Turkiyada katta qiziqish uyg‘otmoqda. Demak, hamkorlikni mustahkamlashdan har ikki tomon ham manfaatdor bo‘lib, bu o‘zaro munosabatlar istiqbolli ekanidan dalolatdir.

O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari izchil rivojlanib bormoqda va ijobiy o‘sish tendensiyasi hamkorlikning barcha sohalarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. 2016 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 1,2 milliard AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2017 yilning to‘qqiz oyida tovar ayirboshlash hajmi 29 foiz oshdi. O‘tgan yilning o‘zida yurtimizda turk ishbilarmonlari sarmoyasi ishtirokida 20 dan ortiq korxona tashkil etildi, 53 kompaniya vakolatxonalari akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Shu raqamlarning o‘ziyoq O‘zbekiston – Turkiya munosabatlarida nechog‘li ulkan salohiyat borligini namoyon etadi.

So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz munosabatlarida yangi sahifa ochildi. Buni Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdo‘g‘on o‘rtasida bo‘lib o‘tgan qator uchrashuvlar yaqqol tasdiqlaydi. Xususan, Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning 2016 yil noyabr oyida Samarqandga tashrifi, 2017 yil may oyida Pekinda o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” forumida, sentabr oyi boshida Ostona shahrida o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo‘yicha sammiti hamda 20 sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida ikki davlat rahbarlari uchrashib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbollari to‘g‘risida fikrlashib oldilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25-26 oktabr kunlari Turkiyaga davlat tashrifi ana shu muloqotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Tashrif asnosida bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm, ilm-fan va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Samarali kechgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikning turli sohalariga doir 20 dan ziyod hujjat imzolandi. Ular orasida Prezidentlar tomonidan imzolangan Qo‘shma bayonot alohida o‘rin tutadi.

Davlatimiz rahbari tashrif davomida ikki mamlakatning parlamentlararo aloqalariga ham e’tibor qaratdi. Turkiya Buyuk millat majlisiga tashrif buyurib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishish jarayonida parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, ularning qonun ijodkorligi va parlament nazorati shakllari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishi masalalariga alohida urg‘u berdi.

Prezidentimizning tashrifi doirasida Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan ikki mamlakat moliya va ishbilarmon doiralari uchrashuvida yirik energetika obyektlari va yo‘l infratuzilmalari qurish, to‘qimachilik mahsulotlari, elektr jihozlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat hamda agrosanoat tarmog‘ida zamonaviy sanoat va logistika markazlari tashkil etish sohalarida 3,5 milliard dollar hajmidagi 30 dan ortiq loyiha bo‘yicha bitimlar imzolangani ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarga yangi sur’at baxsh etdi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev yaqin yillarda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 3-4 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ikki mamlakat ishbilarmonlari uchun keng imkoniyatlar yaratishini alohida ta’kidladi.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning O‘zbekistonga rejalashtirilayotgan tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yuqori pog‘onaga olib chiqishga va o‘zaro hamkorlikning muhim istiqbollarini belgilab berishga xizmat qiladi. Imzolanishi kutilayotgan hujjatlar va kelishuvlar qardosh xalqlarimiz do‘stligini har tomonlama mustahkamlashi shubhasiz.

Bahrom Sotiboldiyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Strategik va mintaqalararo
tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i.

 

O‘zA