Dzyudo bo‘yicha Tbilisida davom etayotgan “Katta dubulg‘a” turnirining ortda qolgan birinchi kungi bellashuvlari shov-shuvli natijalarga boy bo‘ldi. Bugun, 25 martda o‘tadigan xalqaro turnirning ikkinchi kungi bellashuvlari ham shunday murosasiz va shiddatli o‘tishi shubhasiz.
Kecha o‘tgan bahslarda terma jamoamiz a’zosi Diyora Keldiyorova musobaqa finalida “Tokio-2020” Olimpiadasi chempioni kosovolik Distriya Krasnichini 40 soniya ichida mag‘lub etgani turnirning o‘ziga xos voqeligi sifatida e’tirof etildi.
Turnirda 52 kilogramm vaznda ishtirok etgan sportchimiz saralashda Qozog‘iston, Polsha vakillarini, yarim finalda Xitoy terma jamoasi a’zosini muddatidan avval mag‘lub etdi.
Hamyurtimiz oltin medal uchun bellashuvda kosovolik yengilmas dzyudochi bilan ro‘baro‘ kelganda mutaxassislar go‘yoki Keldiyorovaga 2-o‘rinni hadya etib bo‘lishgan edi. Biroq, Samarqand dzyudo maktabi tarbiyalanuvchisi Diyora Tbilisiga faqat g‘oliblik uchun kelganligini namoyish etdi. Raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmagan holda oltin medal, “Parij-2024” Olimpiadasi uchun 500, jahon reytingi uchun 1000 reyting ochkolari hamda belgilangan 5 ming yevro miqdoridagi pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, mukofot jamg‘armasida g‘olib sportchiga beriladigan 5 ming yevroning 4 mingi sportchiga, 1 ming yevro uning murabbiyiga topshiriladi.
Shuningdek, xalqaro turnirning 60 kilogrammida yurtimiz sharafini himoya qilgan Kamoliddin Baxtiyorov va Doston Ro‘ziyev, 66 kilogrammda kurashgan Manucher Shirinov ilk saralashlarni muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Ammo, ikkinchi bosqichda har uchalasi raqiblariga imkoniyatni boy berib qo‘yishdi.
Bugun, 25 mart kuni Tbilisi tatamilarida davom etayotgan xalqaro turnirda erkaklar 73, 81 kilogramm vaznlarda, ayollar 63 va 70 kiloda medallar uchun kurash olib boradi. Bahslarda terma jamoamiz a’zolaridan Obidxon No‘’monov, Hikmatilloh To‘rayev, Muso Sobirov va Shohista Nazarova ishtirok etadi.
73 kilogrammda kurash olib boradigan dzyudochimiz Obidxon No‘’monov ilk bahsda Adam Stodolski (Polsha) bilan, 81 kilo og‘irlikdagi Hikmatilloh To‘rayev gruziyalik Levan Gugava va gretsiyalik Atanasios Milonelis juftligi g‘olibi bilan, ushbu vazndagi Muso Sobirov fransiyalik Ibrohim Keyta hamda ayollar o‘rtasida 70 kiloda kurashadigan dzyudochi qizimiz Shohista Nazarova polshalik Ursula Xofman bilan ro‘baro‘ kelmoqda.
Dzyudochilarimizning saralashdagi joylashuviga e’tibor qaratsak, 73 kiloda kurash olib borayotgan Obidxonning vaznida eng ko‘p ishtirokchi – 40 nafar sportchi qatnashmoqda. To‘rayev va Sobirov vazni bo‘lgan 81 kiloda 38 nafar, shuningdek Nazarova qatnashayotgan og‘irlikda 27 nafar sportchi qiz jamlangan. Ularning ko‘pchiligi jahon chempionatlari, Olimpiya o‘yinlari sovrindorlari ekanligini e’tiborga oladigan bo‘lsak, yuqorida ta’kidlaganimiz Diyoraning birinchi kungi erishgan g‘alabasi yana bir bor takrorlanishi juda murakkabligi oydinlashadi. Ammo, nima bo‘lganda ham barchasini tatamidagi vaziyat hal qiladiki, shunday holatda omad sportchilarimizga yo‘ldosh bo‘lishini istab qolamiz.
Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 154 ming yevrodan iborat “Katta dubulg‘a” turnirida 61 davlatdan 420 nafarga yaqin sportchisi ishtirok etmoqda.
Birinchi kungi bellashuvlar yakuniga ko‘ra, Serbiya, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qirg‘iziston terma jamoalari 1 tadan oltin medalni qo‘lga kiritib, turnirda yetakchilik qilmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA