Qozog‘iston ichki ishlar vazirligining narkojinoyatchilikka qarshi kurash departamenti tomonidan yirik transmilliy jinoiy guruh qo‘lga olindi. Ular Qozog‘iston va yaqin qo‘shni mamlakatlar fuqarolari ekani ma’lum bo‘ldi. Jinoyatchilar sintetik narkotiklarni sanoat miqyosida ishlab chiqarish uchun mamlakatga prekursorlar yetkazib berilishini yo‘lga qo‘ygan, deb yozmoqda «Kazinform» agentligi Polisia.kz saytiga tayanib.
Tezkor guruh tomonidan prekursorlarni yetkazib berish yo‘llarini aniqlashga qaratilgan maxsus tadbir o‘tkazildi. Ushbu jinoyatga aloqador har bir jinoyatchining harakatini aniqlash uchun “maxsus yuk” yo‘nalishi bo‘ylab havo razvedkasi ham qo‘llanilgan.
Maxsus amaliyotning birinchi bosqichi o‘tgan yilning oktyabrida boshlangandi, joriy yilning mart oyida esa mamlakat ichkarisida prekursorlar kontrabandasida ishtirok etgan uch nafar xorijiy davlat fuqarolari ushlangan. Amaliyotning yakuniy bosqichida, ya’ni 21 mart kuni Olmaotada qolgan jinoyatchilar qo‘lga olindi. Ular yaqin xorijiy mamlakatlar fuqarosi hamda bir nafar qozog‘istonlik bo‘lib chiqdi. Jinoyatchilar yonidan mefedron, xorijiy davlat politsiyasining qalbakilashtirilgan guvohnomasi, zip-paketlar, elektron tarozi, Kalashnikov avtomati uchun patronlar topilgan.
Jinoyatchilar yashirincha saqlayotgan jami prekursorlar 72,7 tonnani tashkil etdi, shu yo‘l bilan 8 tonna sintetik giyohvand modda tayyorlanishining oldi olindi, deyiladi xabarda.