27 mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashida “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim – 2” gaz quvurlaridagi qo‘poruvchilikni tekshirish bo‘yicha Rossiya rezolyutsiyasi loyihasi bo‘yicha ovoz berish bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Rossiyaning xalqaro tashkilotdagi doimiy vakolatxonasi ma’lum qildi.
“Ovoz berish jarayoni BMT XK yig‘ilishining ertalabki soatlarida bo‘lib o‘tadi”, deyiladi xabarda.
Rossiyaning BMTdagi doimiy vakilining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifasida ta’kidlaganidek, “Bir oy davomida rezolyutsiya matni ustida ekspertlar darajasida ish olib borildi, hamkorlarimizning fikrlariga tayanib, qarama-qarshilik keltirib chiqaradigan jumlalar olib tashlandi. Shunda ham G‘arb delegatsiyalari loyiha ishlab chiqishda atayin ishtirok etmadilar”.
Diplomat so‘zlariga ko‘ra, g‘arbliklar “oqimlar” bo‘yicha xalqaro tergov tekshiruvi shart emas, deb hisoblaydilar. “Ular uchun Daniya, Shvetsiya va Germaniya olib borayotgan tadqiqot yetarli emish, bu mutlaqo noto‘g‘ri fikr”. Polyanskiyning qo‘shimcha qilishicha, Xitoy rezolyutsiya loyihasini tayyorlashda hamkor bo‘lib ishtirok etgan.
O‘zA