18 mart kuni Toshkentda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida davom etayotgan qit’a chempionatining final o‘yini o‘tkaziladi.

Nafaqat mamlakatimiz, balki qit’a futbol ixlosmandlari diqqat-markazida bo‘lgan ushbu chempionat har jihatdan ko‘tarinki o‘tayotganligi ortda qolgan guruh bahslari, chorak va yarim final o‘yinlarida yorqin namoyon bo‘ldi.

Poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida O‘zbekiston – Iroq terma jamoalari o‘rtasidagi final o‘yini esa mazkur chempionatning eng yuqori nuqtasi bo‘lib tarixga muhrlanadi.

17 mart kuni ushbu final o‘yini oldidan har ikki jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumanlari o‘tkazildi.

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov va jamoa sardori Umarali Rahmonaliyev ishtirokida o‘tgan anjumanda murabbiy va futbolchimiz jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berish asnosida final uchrashuvi, raqib jamoaning imkoniyatlari,  futbolchilarning jismoniy holati xususida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Jumladan, bosh murabbiy Ravshan Haydarov Iroq jamoasiga qarshi o‘tadigan o‘yinga tayyorgarlik reja asosida olib borilayotgani, muxlislar qo‘llovi natijaga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.

Terma jamoamiz sardori Umarali Rahmonaliyev o‘tgan saralash, chorak final va yarim final bahslarida jamoa a’zolari katta kuch yo‘qotgani, ammo yarim finaldan keyin tiklanish jarayonlari boshlab yuborilganligini aytib, finalda guruh bosqichida kuch sinashgan Iroq bu gal boshqacha o‘yin ko‘rsatishi ehtimoli yuqoriligini qayd etdi.

Iroq terma jamoasi bosh murabbiyi Adam Talib bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida iroqlik mutaxassis jurnalistlarning har bir savoliga ehtiyotkorlik bilan javob berdi.

Iroqliklar murabbiyi mamlakatimiz futbol ishqibozlari xususida to‘xtalib, “Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi katta kuch. Biroq, biz bunday bosimni boshimizdan o‘tkazdik. Endi bunga e’tibor qaratmaymiz va o‘z o‘yin uslubimizni namoyish etamiz. Osiyo kubogini Iroqqa olib ketishni maqsad qilganmiz”, deya ichki niyatini yashirib o‘tirmadi.

Futbolda to‘p yumaloq, maydon tekis, barchasiga futbolchilarning mahorati oydinlik kiritadi, degan gap bor. Haqiqatan shunday. Lekin mahorat risoladagidek bo‘lsa-yu, omad kulib boqmasa, barchasi bekor.

Iqtidorli futbolchilarimizning raqiblaridan ko‘ra, omadli bo‘lishini istagan holda aytish lozimki, O‘zbekiston – Iroq uchrashuvi betakror kombinatsiyalar, chiroyli zarbalar zavqini muxlislarga hadya etishi bilan ham yodda qolishi shubhasiz.

Yana bir gap. Poyoniga yetib borayotgan U-20 Osiyo kubogi bahslarini kuzatish, iqtidorli futbolchilarni aniqlash uchun dunyoning nomdor klublaridan o‘nlab futbol seleksionerlari, futbol agentlari ayni kunlarda poytaxtimizda bo‘lib turibdi. Ularning ham Toshkentdan quruq qo‘l bilan qaytish niyati yo‘q.

U-20 Osiyo kubogining aynan mamlakatimizda o‘tkazilishi dunyo futbol gigantlari e’tiborini O‘zbekistonga qaratganligi o‘ziga xos voqelik bo‘ldi. 16 ta davlat terma jamoalari ishtirokidagi ushbu qit’a kubogi o‘yinlari yurtimiz futbol infratuzilmasi rivoj topishiga, millionlar o‘yinini yanada ommalashtirish, mavjud stadionlar zamonaviy ko‘rinishga kelishini ta’minlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilgani bilan ham ahamiyat kasb etdi.

O‘zbekiston va Iroq jamoalari “g‘alaba kabutari”, seleksionerlar bo‘lajak futbol yulduzlari “ovi” bilan band bo‘lgan chog‘da muxlislar ajoyib va takrorlanmas “yashil maydon spektakli”ga guvoh bo‘lish orzusi bilan stadionga kelishadi. “Bunyodkor”da barchaga orzular ijobatini tilagan holda terma jamoamiz U-20 Osiyo kubogini Toshkentda olib qolishini qalb-qo‘rimiz bilan istab qolamiz…

To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA