O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasida o‘tgan 4 yillik faoliyat tahlil qilindi. Kun tartibiga muvofiq tashkilotga yangi raisi va bosh kotib saylash masalalari ko‘rib chiqildi.
Yoshlar siyosati va sport vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, qo‘mita raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, Xalqaro sambo assotsiatsiyasi (FIAS), Osiyo-Okeaniya sambo federatsiyasi mutasaddilari, daxldor tashkilotlarning vakillari qatnashgan konferensiyada so‘nggi yillarda yurtimizda sambo yoshlar orasida ommalashayotgani, huquq-tartibot sohasi vakillarining jangovar tayyorgarligini kuchaytirishda alohida o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Bildirilgan fikr-mulohazalar asnosida assotsiatsiya raisligiga amaldagi rahbar Alisher Alimov nomzodi ilgari surildi va qo‘llab-quvvatlandi. Roman Shokirov 4 yillik muddatga assotsiatsiya bosh kotibi etib saylandi.
Tadbirda ishtirok etgan FIAS prezidenti apparati rahbari Aleksandr Korsik O‘zbekiston Xalqaro sambo assotsiatsiyasining faol a’zolaridan biri ekanligini aytib, o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami e’tiborli bo‘layotganini bildirdi.
O‘zA