Germaniyaning huquqni muhofaza qiluvchi organlari pul yuvish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi yirik “darknet” faoliyatiga nuqta qo‘ydi. Musodara qilingan bitkoinlar rekord darajada ko‘p, ya’ni 44 million yevroni tashkil etgan, deyiladi GFR federal jinoyat politsiyasi boshqarmasi tarqatgan bayonotda.

“Frankfurt-na-Mayne bosh prokuraturasining kiberjinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi (ZIT) hamda Federal jinoyatlar politsiyasi boshqarmasi birgalikda chorshanba kuni Germaniyada joylashgan dunyodagi  ChipMixer kripto-miksher aylanmasi bo‘yicha dunyoda eng yirik hisoblangan server infratuzilmasini musodara qildi”, – deyiladi xabarda.  

Yetti terabayt hajmidagi ma’lumotlardan tashqari, yana taxminan 44 million yevrolik bitkoinlar ham musodara qilindi. Bu Federal jinoyatlar politsiyasi tomonidan musodara qilingan eng yirik kriptovalyuta hisoblanadi.

ChipMixer 2017 yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan servis hisoblanib, jinoyat yo‘li bilan orttirilgan mablag‘larni yashirish uchun yaratilgan. Mazkur servis mijozlariga to‘liq maxfiylik kafolatini beradi.

Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, ChipMixer o‘zining faoliyati  davomida taxminan 2,8 milliard yevroga  baholanadigan kriptoaktivlarni yuvishga yordam bergan.