Ayni kunlarda Shveysariyaning Lozanna shahrida Butunjahon antidoping agentligining “Dopingdan xoli sport olami sari birlashamiz” mavzusidagi yillik simpoziumi bo‘lib o‘tmoqda.
800 dan ortiq xalqaro sport federatsiyalari, milliy va mintaqaviy antidoping tashkilotlari rahbarlari ishtirok etayotgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi direktori A.Sodiqov rahbarligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Bugun, 15 mart kuni simpoziumning birinchi ish kunida anjuman ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda VADA prezidenti Vitold Banka so‘zga chiqib, yig‘ilganlarga halol sport yo‘lida samarali faoliyat olib borilayotganini ta’kidladi.
Muhokamalar davomida xalqaro sport federatsiyalarining bu boradagi o‘rni, milliy antidoping agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik, davlatlarning VADA kodeksiga munosabati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ta’sis qilingan konvensiyaga rioya etish xususida so‘z yuritildi.
Simpozium ertaga o‘z ish faoliyatini yakunlaydi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA