Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov “ITB-Berlin” turistik yarmarkasi doirasida Germaniya turizm assotsiatsiyasi (DRV) prezidenti Norbert Fibig va turizm yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan qator rahbarlar bilan uchrashdi.

Tomonlar Germaniyada va Yevropaning boshqa davlatlarida O‘zbekiston sayyohlik imijini oshirish, mamlakatimiz madaniyati va turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish hamda yevropalik sayyohlar oqimini yurtimizga yo‘naltirishga qaratilgan aloqani mustahkamlash masalasida muzokara olib borildi. Shu bilan birga Germaniya turizm industriyasi aylanmasining qariyb 90 foizini birlashtirgan DRV bilan hamkorlikda 2023 yil 11-17 may kunlari yurtimizda o‘tkaziladigan “Uzbekistan Destination Forum”ga tayyorgarlik jarayoni muhokama qilindi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, mazkur loyiha doirasida Germaniya, Avstriya va Shveysariyaning yirik sayyohlik tashkilotlari, tur operatorlari, mehmonxona va aviakompaniyalar vakillari bilan ”B2B” uchrashuvlar, seminar va muzokaralar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

DRV rahbari O‘zbekiston va Germaniya hukumatlari o‘rtasidagi mavjud do‘stona aloqa hamda turizm sohasidagi ulkan salohiyatimizni inobatga olib, mazkur rejani amalga oshirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi. Shuningdek, assotsiatsiya imkoniyatidan foydalangan holda, Germaniya bo‘ylab O‘zbekistonni keng targ‘ib qilish, marketing tadqiqoti o‘tkazish, ko‘hna qit’a sayyohlari uchun yangi turistik yo‘nalishlar yaratish hamda mamlakatimizni eng yaxshi yo‘nalish sifatida ochib beruvchi PR kampaniyasi tashkil etish rejalashtirilganini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Madaniyat va turizm vazirligi va DRV assotsiatsiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

 

O‘zA