Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi parlament Majilisi (quyi palata) deputatlarining muddatidan oldin saylovi uchun 786 nafar xalqaro kuzatuvchini akkreditatsiyadan o‘tkazdi. Bu haqda MSK raisi Nurlan Abdirov ma’lum qildi.

“Navbatdan tashqari Majilis deputatlari saylovini xalqaro kuzatuvchilar missiyasi ish boshlangan 2023 yil 20 yanvardan buyon MSK 41 xorijiy davlat va 12 xalqaro tashkilotdan 786 nafar kuzatuvchini ro‘yxatdan o‘tkazdi”, dedi rais.

“Kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish 13 mart soat 18.00da yakunlandi”.

Parlamentga muddatidan oldin saylovlar 19 mart kuniga belgilangan. Shu kuni mahalliy vakillik organlari bo‘lmish maslihatlar deputatligi uchun ham saylovlar o‘tkaziladi.

Parlament quyi palatasiga muddatidan oldin saylovlar aralash saylov tizimi bo‘yicha tashkil etiladi: deputatlarning 70 foizi partiya ro‘yxati va 30 foizi bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha saylanadi.

 

O‘zA