Joriy yildan blits shaxmat o‘yini kibersport bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari tizimiga kiritiladi. Bu haqda Xalqaro shaxmat federatsiyasi xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) tomonidan Xalqaro shaxmat federatsiyasi kibersport tizimidagi blits shaxmat o‘yinlarining boshqaruv organi sifatida tan olingan.

Saralash musobaqalari Xalqaro shaxmat federatsiyasining onlayn shaxmat platformasi orqali uchta bosqichda o‘tkaziladi. O‘yinlar 3+2 blits shaxmat shaklida tashkil etiladi. Bu, ushbu o‘yinlarda qatnashishni istaganlar uchun ochiq bahs bo‘lib, joriy yil apreldan boshlanadi.

Musobaqaning dastlabki saralashida Xalqaro shaxmat federatsiyasining maxsus platformasida ro‘yxatdan o‘tgan holda istalgan shaxmat ishqibozi qatnashishi mumkin.

Saralash bosqichining eng yaxshi 16 nafar ishtirokchisi 1-5 may kunlari kibersport o‘yinlari finalida shaxsiy birinchilikni egallash uchun kurashadi. Ushbu yakuniy saralash bosqichida g‘oliblikka erishgan 8 nafar qatnashchi joriy yil 22-25 iyun kunlari Singapurda o‘tadigan Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tizimidagi  kibersport o‘yinlari finalida qatnashish huquqiga ega bo‘ladi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA