Mamlakatimiz poytaxtida davom etayotgan dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turniri o‘zining final chizig‘iga yaqinlashmoqda.
Bugun, 5 mart kuni “Parij – 2024” Olimpiadasiga reyting ochkolari taqdim etayotgan turnirning so‘nggi kunida erkaklar 90, 100 va +100 kilogramm og‘irlikda, ayollar 78 va +78 kilogrammda sovrinli o‘rinlar uchun bellashadi.
Xalqaro turnirning ikkinchi kungi musobaqalariga to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu kun o‘zbek dzyudochilariga bag‘ishlanganligi bilan ahamiyat kasb etdi.
49 ta davlat vakillari qatnashayotgan musobaqaning ikkinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 1 ta oltin va 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. 73 kilogramm vazn toifasida tatamiga chiqqan hamyurtimiz Murodjon Yo‘ldoshev oltin, 81 kilogramm vazn toifasida Muso Sobirov va ayollar o‘rtasida 70 kilo og‘irlikda bahs olib borgan Gulnoza Matniyozova bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.
“Katta dubulg‘a” turnirining ikkinchi kungi bahslari jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Odil Abdurahmonov, Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) prezidenti Marius Vizer, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizbek Komilov va boshqa mutasaddilar, keng jamoatchilik vakillari, 49 ta davlat terma jamoalari ishtirokida “Katta dubulg‘a” turnirining tantanali ochilish marosimi tashkil etildi.
Bayramona o‘tgan marosimda ta’kidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar Yangi O‘zbekistonning barcha jabhalarida, xususan, sport sohasida ham yorqin namoyon bo‘lmoqda. Mamlakatimizda qisqa fursatda Olimpiya tizimidagi xalqaro musobaqalar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilganligi, yuzlab yoshlarimiz xalqaro turnir va chempionatlarda zafar qo‘chayotganligi, hududlarda iqtidorli yoshlarni saralash tizimi samarali kechayotganligi va bunday sa’y-harakatlar sababli yutuqlar salmog‘i ortib borayotganligi e’tirof etildi.
Ortda qolgan bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, medallar jamg‘arishda 2 ta oltin, 1 tadan kumush va bronza medali bilan Yaponiya terma jamoasi peshqadamlikka erishib turibdi. 1 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza medallariga sazovor bo‘lgan hamyurtlarimiz 2-o‘rinda bormoqda, Ulardan keyingi o‘rinlarni Avstriya, Vengriya va Tojikiston jamoalari joy olishgan.
bugungi bahslarda Davlat Bobonov, Muzaffar To‘raboyev, Alisher Yusupov kabi mahoratli dzyudochilarimiz bilan birga bir qator yoshlar ishtirok etishini, ularga dunyoning eng kuchli dzyudochilari raqobat ko‘rsatishini nazarda tutsak, bahslar qiziqarli bo‘lishi bilan natijalar ham yangicha ko‘rinish olishi shubhasiz.
To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA