Yevropa va Amerika qit’asida o‘tkazilgan nufuzli professional boks musobaqalarida Otabek Xolmatov hamda Dilshodbek Ro‘zmetov jangi tufayli O‘zbekiston nomi bot-bot yangradi.
Angliyaning Nyukasl shahrida professional boks oqshomida yarim yengil vazn toifasidagi hamyurtimiz Otabek Xolmatov ringga ko‘tarildi. Bokschimiz kechaning co-main event jangida angliyalik Tomas Patrik Uordga qarshi jang o‘tkazdi. 12 raundga mo‘ljallangan jangning 5-raundida Otabek Xolmatov raqibini nokautga uchratdi va professional boksdagi o‘zining 12-g‘alabasini tantana qildi.
Mahoratli bokschimiz ushbu g‘alabasi orqali endilikda mazkur vaznda WBA yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni, meksikalik Maurisio Laraga qarshi majburiy da’vogar sifatida ringga chiqish huquqiga ega bo‘ldi.
Amerika qit’asining Meksika davlatida tashkil etilgan professional boks kechasida esa Dilshodbek Ro‘zmetov prof boksdagi ikkinchi jangini o‘tkazdi.
Ushbu boks oqshomida yarim og‘ir vazn toifasida charm qo‘lqop ustamiz meksikalik Xesus Palomares bilan to‘qnash keldi. Prfessional boksda 10 ta jang o‘tkazgan tajribali bokschi bilan uning yurtidan jang o‘tkazish Ro‘zmetov uchun oson bo‘lmadi. Belgilangan 6 raundlik bahs to‘liq davom etdi. Hamyurtimizning shiddati va aniq zarbalari yakunda o‘z so‘zini aytdi. Hakamlar qarori bilan ochkolar hisobida Dilshodbek Ro‘zmetov g‘alaba qozonganligi e’lon qilindi.
Har ikki bokschimizning xalqaro maydonda muvaffaqiyatga erishishi sababli Angliya va Meksikada ularning g‘alabasi sharafiga mamlakatimizga ehtirom ko‘rsatildi. Bu e’tirofni professional boksning WBA va IBF yo‘nalishlari chempioni Murodjon Ahmadaliyev hamda katta ringda o‘z uslubiga ega bo‘lib kelayotgan Bektemir Meliqo‘ziyev 8 aprel kuni AQSHning Indio shahrida o‘tkaziladigan janglarda davom ettiradi, degan umiddamiz.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA