Oliy Majlis Senatining ayni paytda o‘z ishini davom ettirayotgan o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida senatorlar yangi tahrirdagi “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi. 

Jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan shaxslarni har tomonlama rag‘bantlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Davlat mukofotlari to‘g‘risida” va “O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini joriy qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilingan.

Shu asosda 50 dan ortiq davlat mukofoti, jumladan “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni, 34 faxriy unvon, 10 dan ortiq orden va medal hamda O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i ta’sis etilgan.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil iyul oyidagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha Komissiyasi tashkil etildi. Mazkur Komissiya doimiy ishlaydigan maslahat va kengash organi bo‘lib, Prezidentning O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari bilan taqdirlash va faxriy unvonlarni berish masalalarini hal etish bo‘yicha konstitutsiyaviy vakolatlari amalga oshirilishini ta’minlaydi. Geraldika sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.

Yangi tahrirdagi qonun bilan mazkur komissiyaning huquqiy maqomi mustahkamlanmoqda.

Qonunning muhim jihatlaridan biri shuki, unda xorijiy tajriba hamda amaliyotda O‘zbekiston fuqarolarining chet el mukofotlari bilan taqdirlanish hollari mavjudligi inobatga olingan holda O‘zbekiston fuqarolar chet el davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi mumkinligi aks etdi.

Prezidentga davlat mukofotlari bilan taqdirlashga doir taqdimnoma kiritishi mumkin bo‘lgan subyektlar doirasi kengaytirildi. Endilikda Sudyalar oliy kengashi, Markaziy bank, Davlat xavfsizlik xizmati, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi raislari, shuningdek xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari respublika organlarining rahbarlari ham davlat mukofotlariga taqdim etish huquqiga ega bo‘lmoqda.

Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni davlat mukofoti bilan taqdirlashga doir taqdimnoma kiritish tartibi chet el fuqarolariga nisbatan qo‘llaniladigan tartib bilan bir xil tarzda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat mukofotlari bilan taqdirlash tashabbusi bilan mustaqil ravishda chiqish huquqi qonunda o‘z ifodasini topdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini davlat mukofotlari bilan taqdirlash parlament palatalari tashabbusi bilan amalga oshirilishi belgilandi.

Davlat mukofotlarini topshirishi mumkin bo‘lgan subyektlar doirasi davlat mukofotlariga taqdim etishi mumkin bo‘lgan subyektlar doirasiga mos ravishda kengaymoqda.

Davlat mukofotlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik masalasi ham takomillashtirilgan.

Norgul Abduraimova, O‘zA