Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2 mart kuni Baku shahrida Qo‘shilmaslik harakati muloqot guruhining sammitidagi ma’ruzasida so‘nggi yillarda insoniyat pandemiyaga qarshi kurashish, iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar hamda texnogen ofatchiliklarning oqibatlarini ham o‘z boshidan kechirib kelayotganligi bilan bog‘liq xavflarni ham qayd etdi.

– Bu muammolarning ko‘lami tobora kengayib, ular nafaqat ayrim davlatlar, balki butun bir mintaqalarning xavfsizligi va barqaror taraqqiyoti uchun jiddiy xavf solmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev. Shu munosabat bilan O‘zbekiston 2030 yilga qadar mo‘ljallangan Senday hadli dasturining asosiy maqsadlariga erishish bo‘yicha Global platforma faoliyatini yanada kuchaytirish tarafdori ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

– Yaqin Sharq mintaqasi va Afg‘onistonda uzoq vaqtdan buyon saqlanib qolayotgan nizolarning global yechimi hanuzgacha topilgani yo‘q, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Shularni e’tiborga olib, Qo‘shilmaslik harakati terrorizmning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashishning xalqaro-huquqiy bazasini mustahkamlash bo‘yicha harakatlarga yetakchilik qilishi lozimligi aytib o‘tildi. Bu Harakatga a’zo barcha davlatlarning Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida ko‘p tomonlama hamkorligini yanada faollashtirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston rahbari bu muammolar borasida, xalqaro ko‘lamda natijali yechimga erishish va tizimli muvofiqlashtirish bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda uning ixtisoslashgan tarkiblari albatta asosiy vazifani bajarishi lozimligini ko‘rsatib o‘tdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining isloh qilish jarayonida Xavfsizlik kengashi tarkibida Qo‘shilmaslik harakati a’zolarining doimiy ishtiroki bo‘lishi kerakligi aytib o‘tildi.

Prezidentimiz global kun tartibidagi yana bir ahamiyatli mavzu – davom etib kelayotgan iqtisodiy inqirozning okibatlarini yumshatish masalasiga ham e’tibor qaratdi.

– Oziq-ovqat mahsulotlari, suv va energetika resurslarining tobora taqchil bo‘lib borayotgani mamlakatlarimiz ijtimoiy-iqtisodiy tizimlari uchun jiddiy sinov bo‘lmoqda, – dedi davlatimiz rahbari. – Ming afsuski, bunday qiyin vaziyatda eng katta og‘irlik va salbiy ta’sir, avvalo, aynan rivojlanayotgan davlatlar zimmasiga tushmoqda.

O‘zaro amaliy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma dasturlar va katta loyihalarni amalga oshirish uchun keng iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochib berish maqsadida Qo‘shilmaslik harakati sammitlarida Iqtisodiy forumlarni uzluksiz o‘tkazib borish taklif qilindi. Bunday ahamiyatli tadbirlar, innovatsiyalar, zamonaviy bilim hamda ilg‘or texnologiyalar almashishni jadallashtirishga, umuman olganda, to‘rtinchi sanoat inqilobi, xususan, “aqlli” iqtisodiyotni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi.

Q.Yusupov,  

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti huzuridagi 

Nukus konchilik instituti direktorining 

Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari  

O‘zA