Prezident farmoni ijrosi ta’minlanmoqda
Toshkentda «O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini bilim, innovatsiyalar va raqamlashtirish orqali transformatsiya qilish» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda milliy va xalqaro ekspertlar O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini innovatsiya va raqamlashtirishning hozirgi holati bilan tanishish va boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Seminarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligining «Qishloq xo‘jaligini raqamli transformatsiya qilish uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish» loyihasi rasmiy ravishda ishga tushirildi.
Loyiha innovatsiyalarni joriy etish va butun qishloq xo‘jaligi- oziq-ovqat sektorini raqamli o‘zgartirish bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga qaratilgan. Innovatsion va raqamli qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, hamkorlikni kengaytirish va fermer, tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro bilim almashishni takomillashtirish, milliy va mahalliy darajada ilmiy-maslahat xizmatlari bo‘yicha yo‘l xaritasiga ega bo‘lish loyiha oldiga qo‘yilgan vazifalardan biridir.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-2021 yillarda imzolangan «Raqamli O‘zbekiston-2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi va «Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi hamda zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishni yanada rivojlantirish to‘g‘risida»gi farmonlarini amalga oshirishga yordam beradi.
Mutaxassislar o‘z chiqishlarida hamkorlik va o‘zaro sinergiya imkoniyatlari haqida gapirib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Shu bilan birga, taqdimotlarda FAOning roli agro-oziq-ovqat tizimlariga ta’sir ko‘rsatadigan raqamli va boshqa yangiliklarni targ‘ib qilishdan iborat ekani ta’kidlandi.
FAOning taraqqiyot uchun kommunikatsiyalar bo‘yicha xodimi Sofi Treinen fikricha, barcha ishtirokchilar fermerlar, davlat, xususiy yoki akademik sektor vakillari bo‘ladimi, ular milliy, mintaqaviy yoki tuman darajasida jarayonga jalb qilinishi lozim.
— Bizning shiorimiz hech kimni ortda qoldirmaslikdir, shuning uchun biz nafaqat turli muassasalar, balki jamoalar, yoshlar, ayollar va qariyalar bilan ham muloqot qilishimiz zarur. Shuningdek, biz avlodlar o‘rtasida bilim almashinuvini ta’minlashimiz kerak, – deydi mutaxassis.
Seminar ishtirokchilarga o‘zaro tajriba almashish va barcha tomonlarning qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat sohasidagi bilimlarini mustahkamlash, innovatsiyalar va raqamlashtirish bo‘yicha umumiy maqsadga erishish yo‘lini aniqlash uchun yaxshi imkoniyat yaratdi. Davlat organlari va xalqaro hamkor tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.
Anjuman davomida innovatsiyalar va raqamlashtirish bo‘yicha ikkita ko‘p tomonlama ishchi guruh tuzildi va a’zolari belgilandi.
Seminarning birinchi kuni “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi bilim va innovatsiyalari tizimining milliy muvofiqlashtiruvchi platformasini ishga tushirish” mavzusida o‘tkazildi. Qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat tadqiqotlari, ta’lim va maslahat xizmatlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishchi guruhlar tuzildi.
Qishloq xo‘jaligini raqamli o‘zgartirish masalalari ko‘rib chiqilgan ikkinchi kunning mavzusi “O‘zbekiston uchun agro–oziq-ovqat sohasini raqamlashtirish strategiyasini ishlab chiqishning boshlanishi” bo‘ldi.
Inklyuziv siyosat va zaif aholining ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalarga jalb qilinishi FAO mandatining Markaziy qismi bo‘lgan gender tengligi uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Shunisi e’tiborga loyiqki, 2023 yil 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kunining mavzusi “DigitALL: gender tengligi uchun innovatsiyalar va texnologiyalar” deb belgilangani qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish qishloq ayollari, shuningdek, yoshlar va keksa avlod manfaatlari uchun muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ta’kidlaydi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA