Xalqaro shaxmat federatsiyasi fevral oyi yakuni bo‘yicha yangilangan reytingni e’lon qildi.

Joriy yil yanvar va fevral oyida Niderlandiya va Germaniyada  o‘tkazilgan “Tata Steel Masters” va “WR Chess Masters” turnirlarida shaxmatchilarning erishgan natijalariga ko‘ra reyting tuzildi.

Reytingda AQSH vakili Uesli So 30,80 ochko bilan yetakchilikka erishgan bo‘lsa, “Tata Steel Masters” turniri g‘olibi Niderlandiya vakili Anish Giri 29,03 ochko bilan 2-o‘rindan joy oldi. Levon Aronyan 26,35 ochko jamg‘argan holda kuchli uchlikni yakunladi.

Hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov har ikkala turnirda erishgan natijalari asosida 22,28 ochko bilan 4-o‘rinni band etdi. Mahoratli shaxmatchimizdan keyingi pog‘onalardan Magnus Karlsen, Gukesh, Yan Nepomnyashiy, Aleksandr Donchenko kabi grossmeysterlar joy olishgan.

Yanvar oyining so‘nggi kunlarida Niderlandiyada tashkil etilgan “Tata Steel Masters” xalqaro turnirining “Chellenjer” bahslarida 3-o‘rinni egallagan Javohir Sindorov yangilangan reytingda 89 nafar kuchlilar orasida 12-qatorda qayd etildi.

Xalqaro shaxmat federatsiyasi tomonidan joriy etilgan mazkur reyting o‘rinlari 2024 yili o‘tkaziladigan jahon chempionatida qatnashadigan eng kuchli ishtirokchilarni aniqlashni nazarda tutadi, deyiladi FIDE xabarida.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA