AOKAda o‘tkazilgan brifingda Prezidentimizning 2022 yil 25 apreldagi “Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi qo‘llanilishini soddalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon ijrosi yuzasidan ma’lumot berildi.

– Farmon ijrosi doirasida 2022 yil 12 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sanoat ishlab chiqarishida xom ashyo uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha qulayliklarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, – dedi Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari o‘rinbosari Husan Tangriyev. – Natijada respublika hududida xorijiy xom ashyo va tovarlarni qayta ishlash hajmi sezilarli ortdi.

Ta’kidlanishicha, 2021 yilda «bojxona hududida qayta ishlash» bojxona rejimiga qiymati 281 mln.AQSH dollariga teng bo‘lgan tovarlar joylashtirilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 2 barobarga ortib, 601 mln. AQSH dollarini tashkil qildi.

Natijada, 2021 yilda 303 mln. AQSH dollari qiymatidagi tovarlar xorijga reeksport qilingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022 yilda 88 foizga ortib, 571 mln. AQSH dollarini tashkil etdi.

Tadbirkorlarga yaratilgan qulayliklar natijasida respublikamizda ilk bor o‘simlik yog‘i, sellyuloza, aralash o‘g‘itlar, tamaki mahsulotlari, yog‘och plitalari, maishiy texnikalar, sement kabi tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash yo‘lga qo‘yildi.

Ilgari bojxona hududi qayta ishlash rejimiga rasmiylashtirilgan tovarlar tarkibida faqatgina tayyor elektrotexnika va elektron-maishiy mahsulotlar ta’mirlash maqsadida olib kelingan bo‘lsa, bugunga kelib ushbu rejimga elektrotexnikalarning ehtiyot qismlari ham joylashtirilayotgani mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanilayotganidan dalolat.

Sh.Mamaturopova, O‘zA