Ijtimoiy tarmoqlarda Xo‘jayli tumanidagi 21-umumta’lim maktabi direktorining xodimlardan pul yig‘ayotganligi haqida tarqalgan ma’lumot bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi rasmiy ma’lumot berdi.
Unda qayd etilishicha, maktab direktori P.A. Toshkent shahrida bo‘la turib, “komissiya uchun” degan bahonada o‘qituvchi va texnik xodimlardan 20 ming so‘mdan pul yig‘dirgan. Mazkur holat bo‘yicha shu kunning o‘zida Xo‘jayli tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan.
Aniqlanishicha, joriy yilning 10 fevral kuni 21- umumta’lim maktabining direktori P.Aning topshirig‘iga asosan, maktab o‘qituvchisi D.R. tomonidan 16 nafar o‘qituvchidan 320 ming so‘m yig‘ib direktorga bergan, direktor P.Aning o‘zi esa, 18 nafar o‘qituvchidan 360 ming so‘m yig‘ib olib, jami 680 ming so‘m pul yig‘ilgan.
Maktab direktori P.A. o‘z ko‘rsatmasida ushbu pullar maktabdagi bannerlarni yangisiga almashtirish uchun yig‘ilganini, ularni amalda hech qayerga ishlatilmasdan, o‘qituvchilarga yana qaytarib berilganini bayon qilib o‘tgan. Bir guruh o‘qituvchilar pullarni yig‘ilish sabablari haqida P.A. bergan ko‘rsatmalarni tasdiqlagan, bir guruhi yig‘ilgan pullar kelgan komissiyani tushlikda ovqatlantirish bahonasida yig‘ilganligini bayon qilgan.
2023 yil 23 fevral kuni P.A. o‘z ixtiyori bilan ishdan bo‘shash haqida arizasiga asosan lavozimidan ozod qilingan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv davom etmoqda.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri