O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish maqsadida o‘tgan yilning iyul oyida “Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan eng yaxshi ilmiy-ommabop maqola” tanlovi e’lon qilingan edi. Unga 2017 yilning 31 dekabriga qadar 2016-2017 yillarda respublika hamda xorij gazeta va jurnallari, internet nashrlarida e’lon qilingan materiallar qabul qilindi.

O‘zbek Milliy akademik drama teatrida tanlov g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov butun faoliyatini, hayotini Vatanimizning ozodligi, tinchlik-osoyishtaligi, xalqimizning, ayniqsa, kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarning baxtli va farovon hayot kechirishi, o‘z orzu va maqsadlarini ro‘yobga chiqarishi uchun baxshida qilgani ta’kidlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Birinchi Prezidentimiz xotirasini abadiylashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent, Qarshi va Samarqand shaharlarida Birinchi Prezidentimiz haykallari qad rostladi. U kishi uzoq yillar faoliyat yuritgan Oqsaroy qarorgohi yodgorlik majmuasiga aylantirildi. Toshkent xalqaro aeroporti, yirik muassasa va tashkilotlar, poytaxtimiz va viloyat markazlaridagi markaziy ko‘chalarga Islom Karimov nomi berildi.

“Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan eng yaxshi ilmiy-ommabop maqola” tanlovi ana shu ezgu say’-harakatlarning uzviy davomidir. Tanlov uchun o‘zbek, qoraqalpoq, rus, ingliz, fransuz, italyan, xitoy, nemis, yapon, arab, koreys, ozarbayjon, qozoq, turkman, qirg‘iz tillarida yozilgan jami 900 ga yaqin material yuborilgan. Ularni adolatli baholash uchun tanlov hay’ati tarkibiga tajribali mutaxassislar, olimlar, tarixchilar, yozuvchilar, jurnalistlar, keng jamoatchilik vakillari jalb etildi. Yuborilgan ishlar, avvalo, maqola mavzusi yangiligi va ochib berilgani, mazmunan tarixiy haqiqatga zid kelmasligi, ilmiy manbalardan qanchalik foydalanilgani, shuningdek, ilmiy va badiiy saviyaning qay darajada ekanligi hisobga olingan holda baholandi.

Birinchi o‘rin va tanlovning bosh mukofotini “Boshlang‘ich ta’lim” jurnali bosh muharriri Halim Saidov “Millat xazinasini boyitgan mutafakkir” maqolasi uchun qo‘lga kiritdi. G‘olib tashkilotchilar tomonidan maxsus diplom va O‘zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqining 100 barobari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Ikkinchi o‘rin sovrindorlari esa Yaponiya parlamenti yuqori palatasi deputati, “Yaponiya – O‘zbekiston” do‘stlik uyushmasi prezidenti Kyoko Nakayama va “Naqshbandiya” jurnali bosh muharriri Sultonmurod Olimov bo‘lishdi. Ularga diplom va eng kam ish haqining 75 barobari miqdorida pul mukofoti topshirildi.

Uchinchi o‘ringa Musurmon Boyxonov, Qoraqalpoq davlat universiteti magistranti Zamira Ayimbetova va Sankt-Peterburg davlat universiteti talabasi Aleksandr Gonashvili munosib topildi. Tashkilotchilar tomonidan ularga diplom va eng kam ish haqining 50 barobari miqdoridagi pul mukofoti topshirildi.

G‘oliblarga mukofotni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov va Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova topshirdi.

– Muhtaram Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov shaxsini abadiylashtirish maqsadida yurtimizda katta ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Halim Saidov. – Bu insonning hayoti, serqirra faoliyati juda katta tadqiqotlarga yetgulik, arzigulikdir. Bu haqida yozish esa o‘ta mas’ulyatli ish. Shunday bo‘lsa-da men ham barkamol avlod tarbiyasi, yurt taraqqiyotiga o‘zining katta hissasini qo‘shgan shunday buyuk insonning xotirasini abadiylashtirish ummoniga kichik tomchi qo‘shishga harakat qilib ko‘rdim. Asosiy maqsad bu ulug‘ mutafakkirning Vatan taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini ta’kidlash, avlodlarni u boshlagan ishlarni munosib davom ettirishga chorlash edi.

Bundan tashqari tanlov tashkilotchilari tomonidan 20 ta rag‘batlantiruvchi mukofot ham ta’sis etildi va munosib nomzodlarning ishlari tanlab olindi. Ularga Islom Karimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlab chop etilgan “Islom Karimov – mustaqil O‘zbekiston asoschisi” nomli kitob-albom sovg‘a qilindi.

Tadbirda san’at ustalari va O‘zbek Milliy akademik drama teatri artistlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.

 

Inobat Ahatova, O‘zA