Poytaxtimizda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi tashkil etilganligining 30 yilligi munosabati bilan «Iqlim o‘zgarishi sharoitida Sirdaryo havzasida suv resurslarini samarali taqsimlash» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish xalqaro institutining (IWMI) O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Markaziy Osiyo davlatlararo suv ho‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi ilmiy-axborot markazi, O‘zbekiston ekologik harakati hamda Oliy Majlis Senatining Orolbuyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi.

Seminarda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan «Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolari havzasidan samarali suv taqsimoti» WE-ACT loyihasining asosiy vazifalari, ustuvor yo‘nalishlari va maqsadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etildi. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyiha Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolar havzalarida suv taqsimoti uchun iqlimga sezgir qaror qabul qilish tizimini yaratish imkonini beradi.

Tadbir ishtirokchilari Sirdaryo, Norin va Qoradaryo suv havzalari misolida transchegaraviy daryolar suv havzalarida suv resurslarini integratsiyalashgan boshqaruvni tashkil etish bo‘yicha to‘plangan tajriba bilan tanishtirildi.

Qayd etilishicha, suvni jamiyat va iqtisodiyotning muhim tarmoqlari o‘rtasida taqsimlash, suv tariflarini to‘g‘ri belgilash, qishloq xo‘jaligi va energetikada suvdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha to‘g‘ri qarorlar qabul qilish zarur. Biroq, hozirda iqtisodiyotning jadal rivojlanishi va aholi sonining o‘sishi, shuningdek, Markaziy Osiyoning asosiy transchegaraviy daryolari havzalarida gidrologik rejimlarning iqlim ta’sirida o‘zgarishi tufayli bu tobora murakkab vazifaga aylanib bormoqda.

Seminar yakunida kelgusidagi rejalar belgilab olindi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA