Joriy yilning 12 mart kuni yurtimizda sog‘lom turmush tarzini yanada keng targ‘ib etish maqsadida sportchilar uchun muhim xalqaro reyting ochkolari taqdim etadigan V xalqaro Toshkent marafoni hamda mamlakatimizning 14 ta hududida bir vaqtda “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqalari o‘tkaziladi.
– Olimpiya o‘yinlariga reyting ochkolari taqdim etadigan V xalqaro Toshkent marafoniga nafaqat yurtimizda, balki xorijiy mamlakatlarda ham qiziqish yuqori. Bu mazkur musobaqada ishtirok etish uchun yuborilayotgan talabnomalar ro‘yxatida ham yaqqol aks etmoqda. Mazkur musobaqa Xalqaro yengil atletika federatsiyasi taqvim rejasidan joy olgan bo‘lib, uning o‘tkazilish tartibi, natijalarni baholash jarayoni maxsus vositalar yordamida amalga oshiriladi. Ommaviy yugurish va marafon musobaqalari 100 ming atrofidagi ishtirokchini qamrab olishi kutilmoqda. Shu o‘rinda aytishim kerakki, bugungi kunga kelib poytaxtimiz Toshkentda va yugurish musobaqalari o‘tkaziladigan hududlarda ishchi guruh shtablari tashkil etilib, tayyorgarlik ishlari qizg‘in olib borilmoqda, – deydi O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi bosh kotibi Kamoliddin Ro‘zamuhamedov.
Ushbu nufuzli musobaqada yurtimiz sharafini himoya qilishi kutilayotgan yengil atletikachilarning tayyorgarlik jarayonlari qanday kechayotganligi ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy.
Yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabining xabariga ko‘ra, musobaqalarga hozirlik ko‘rayotgan atletlarimiz turli maskanlarda mashg‘ulotlarni olib bormoqda. Jumladan, Shohruh Davlatov Keniyada, Yekaterina Tunguskova esa Farg‘onada mashg‘ulot o‘tkazmoqda. Marina Xmelevskaya Toshkentdagi yig‘inni yakunlab, Qirg‘izistondagi o‘quv-mashg‘ulotlarga yo‘l olgan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA