Poytaxtimizda Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston akusher-ginekologlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

«Akusherlik va ginekologik amaliyotda tibbiy yordamni standartlashtirishga zamonaviy yondashuvlar» mavzuidagi ushbu tadbirda vazirlik va markaz mutaxassislari, sohaga aloqador tibbiyot muassasalari xodimlari, xalqaro ekspertlar hamda ushbu yo‘nalishda ilmiy izlanishlar olib borayotgan olimlar ishtirok etdi.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari E.Bositxonova ta’kidlaganidek, har qanday mamlakatning tibbiyot tizimini baholashda, eng avvalo, onalar va bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifati e’tiborga olinadi.

Biroq tan olish kerak, yurtimizda bir muddat ushbu soha butunlay e’tibordan chetda qolib ketdi. Xususan, birlamchi tizimda akusher-ginekologiya xizmati qisqartirib yuborildi. Vaholanki, o‘z vaqtida tumanlardagi «Ayollar maslahatxonasi» bo‘limlari homiladorlarning birlamchi tizimdagi antenatal kuzatuvini to‘liq amalga oshirish imkoniga ega edi.

Shu bois davlatimiz rahbari bu masalaga o‘z vaqtida e’tibor qaratib, 2017 yil «Ayollar maslahatxonasi»ni qayta tiklash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qolaversa, 2022 yil 1 iyuldan boshlab tibbiyot brigadalari tarkibiga 3 ming 600 ta, 2023 yil 1 yanvardan boshlab yana qo‘shimcha 4 ming 900 ta pediatriya hamshirasi va doya shtatlari ajratildi.

Bundan tashqari, 2022–2025 yillarda 227 ta tug‘uruq kompleksi, 46 ta tumanlararo perinatal markazni to‘liq ta’mirlash va jihozlash uchun xalqaro moliya muassasalarining grant va kredit mablag‘lari jalb qilinadi.

Konferensiyada ushbu o‘zgarishlar haqida so‘z yuritilar ekan, bugungi kunda Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bir necha turdagi murakkab fetal jarrohlik amaliyotlari o‘tkazib kelinayotgani, saratonning 12 turiga tashxis qo‘yish imkoniyati yaratilgani alohida ta’kidlandi.

Anjumanda, shuningdek «Akusher-ginekolog qo‘llanmasi» kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mahorat darslari formatidagi mashg‘ulotlarda esa ekstremal sharoitlarda tibbiy yordam ko‘rsatishning klinik protokollari va algoritmlari ko‘rib chiqildi.

 

O‘zA