O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Surxondaryo viloyatidagi “Termiz Kargo Markazi” ning xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabida bo‘lib BMTning O‘zbekiston va Afg‘onistondagi gumanitar agentliklari vakillari bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida BMT Jahon oziq-ovqat dasturining Afg‘onistondagi rahbari Syao-Vey Li va YUNISEFning Afg‘onistondagi vakili Ekuiz Lopez Franchesko Xaver bilan Afg‘onistondagi bugungi holat, afg‘on xalqiga beg‘araz yordam ko‘rsatish, qo‘shma hamkorlikni kengaytirib, mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Syao-Vey Li va Ekuiz Lopez Franchesko Xaver Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va jafokash afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishda O‘zbekistonning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi. Tomonlar afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr almashdi.
–Bu xab O‘zbekistonning siyosiy irodasi va insonparvarlik munosabatlari bilan nafaqat Afg‘oniston balki, boshqa mamlakatlarga ham tezkor yordam ko‘rsatish imkoniyatini yaratdi, – deydi BMT Jahon oziq-ovqat dasturining Afg‘onistondagi vakili Syao-Vey Li. – O‘tgan yili afg‘on xalqiga tarqatilgan gumanitar yordam yuklarimizning aksariyati oziq-ovqat mahsulotlari bo‘lib, O‘zbekistondan xarid qilindi va shu markaz orqali Afg‘onistonga jo‘natildi.
BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligining mamlakatimiz janubidagi gumanitar logistika mintaqaviy markazi O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasidan atigi 2 kilometr uzoqda joylashgan. Barcha zamonaviy sharoitlarga ega markaz BMTning mintaqadagi zaxiralarni zarur mahsulot bilan tez to‘ldirish va gumanitar yordam ko‘rsatishga qulay sharoit yaratdi. Xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xab maqomi berilgan markaz Afg‘oniston va boshqa davlatlarga gumanitar yordamni tizimli, markazlashtirilgan hamda maqsadli yetkazishda muhim ahamiyatga ega. O‘tgan yili O‘zbekiston tomoni ham afg‘on xalqiga oziq-ovqat, kiyim-kechak, ko‘mir va boshqa zarur mahsulotlardan iborat o‘n ming tonnadan ortiq gumanitar yordam ko‘rsatdi.
Uchrashuv doirasida hududda “Termiz Kargo Markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyati va BMT Jahon oziq-ovqat dasturi tashabbusi bilan barpo etiladigan zamonaviy yirik omborxona qurilishiga ramziy start berildi. Afg‘onistonga O‘zbekiston ko‘magi bilan BMT Jahon oziq-ovqat dasturining o‘nta maxsus yuk mashinasida 310 tonna un mahsuloti jo‘natildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri