Qoraqalpog‘istonlik yoshlar Orolning qurigan tubida saksovul ekish ishlarida ishtirok etdi. So‘nggi yillarda Orolbo‘yi hududida ekologik holatni tubdan yaxshilash, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish va xalqning turmush tarzini, daromadlarini oshirishga yo‘naltirilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.

Orol dengizining qurigan qismida ekotizimni yaxshilash, tadqiqotlar hamda innovatsiyalarning ilg‘or tajribalarini joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolbo‘yi hududi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik Trast jamg‘armasi tashkil etildi hamda “Orolbo‘yi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” deb e’lon qilish to‘g‘risida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Mamlakatimizda ekologik holatni yaxshilash, Orol dengizining qurigan maydonida va Orolbo‘yi hududidan ko‘tarilayotgan qum, tuz va chang zarrachalarining salbiy ta’sirlarini kamaytirish, ushbu hududlarda cho‘l o‘simliklaridan “yashil qoplamalar” yaratish ishlari davom etmoqda. Bu yil 100 ming gektar hududda saksovul, qandim va qoraburoq kabi o‘simliklar ekiladi. Mana shunday ezgu tashabbusga munosib hissa qo‘shish, Mo‘ynoq tumanida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlarning natijalari bilan tanishtirish maqsadida Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti tomonidan tadbir tashkil etildi.

Safarning dastlabki kuni oliy ta’lim muassasalari professor – o‘qituvchilari hamda talabalar o‘tgan yili 900 yilligi belgilangan buyuk alloma Hakim ota – Sulaymon Boqirg‘oniy maqbarasini ziyorat qilib, bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish, shuningdek, arxeologik qazish ishlari bilan tanishdi. Turkiy xalqlar orasida Xo‘ja Ahmad Yassaviydan keyingi donishmand sifatida tan olingan Hakim otaning hayoti, ezgu amallari, avlodlarga qoldirgan meroslari haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Yoshlar tumandagi “Oq kema” bolalar dam olish va sog‘lomlashtirish oromgohida, shuningdek, Orol dengizi tarixi muzeyi, “Kemalar qabristoni” majmuasidagi eksponatlar, dengizning suvga to‘la paytlariga guvoh bo‘lgan kemalar tarixiga oid materiallar bilan tanishdi. Manzaralarni mo‘yqalam orqali rasmlarga ko‘chirdi. Tuman markazidagi madaniyat saroyida oliy ta’lim muassasalarining iste’dodli talabalari bilan tuman madaniyat bo‘limi xodimlari ijrosidagi konsert dasturi tadbir ishtirokchilari hamda hudud aholisiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Yoshlar safarning ikkinchi kuni erta tongdan Orolning qurigan tubidagi “nolinchi nuqta” deb nomlangan joyga borishdi. Dengiz tubida “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlarini yaratishdek xayrli ishlarning samarasiga guvoh bo‘lgan tadbir ishtirokchilari yaxshi niyatlar bilan 9 ming tup ko‘chat hamda 10 qop saksovul, qandim urug‘larini belgilangan joylarga ekib, ezgu ishga o‘z hissalarini qo‘shdi.

– Bugun mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, Orol dengizining suvi qurishi oqibatida yuzaga kelayotgan ekologik ofatning salbiy ta’sirlarini kamaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarga bizlar ham o‘z hissamizni qo‘shdik, – deydi Nukus davlat pedagogika institutining talabalar Kengashi yetakchisi Saltanat Ospanova. – Maqsadimiz – kelajak avlodlarga qum, tuz va changlarni emas, yashil bog‘larni qoldirish.

Xayrli tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, senator B.Matmuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi boshlig‘i N.Kayupov, oliy ta’lim muassasalari rektorlari yoshlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berib, ularga minnatdorlik bildirdi.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri