Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, aholiga xolis axborotlarni yetkazib berish, jamoatchilik bilan konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda Sudyalar oliy maktabining mutasaddilari Oliy maktabning 2022 yildagi faoliyati yakunlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berishdi.
Tadbirda ta’kidlanishicha, ta’lim jarayonida eskirgan o‘quv-uslubiy yondoshuvdan voz kechilib, o‘quv jarayoni bilan huquqni qo‘llash amaliyotining uzviy bog‘liqligini ta’minlash, tinglovchilarning qaror qabul qilishda ijodiy yondoshuvi shakllanishiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Shuningdek, kasbiy bilimlarni chuqurlashtirish va sud ma’murchiligini yuritish ko‘nikmalarini egallashga, ish va boshqaruvni tashkil etishning innovatsion shakl va uslublarini o‘zlashtirishga qaratilgan yondoshuvlarga jiddiy e’tibor berilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda Sudyalar oliy maktabining magistratura bosqichida 138 nafar tinglovchilar tahsil olmoqda. O‘quv jarayonlariga “Sudyani sudya o‘qitadi” tamoyili asosida 50 nafardan ortiq sudyalar jalb etilgan.
Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga mutasaddilar tomonidan javob qaytarildi.
O‘tkir Alimov, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA