Yadro qurollarini yo‘q qilish bo‘yicha xalqaro kompaniya (ICAN) Rossiyani Strategik hujum qurollarini qisqartirish shartnomasiga (SHQSH) to‘liq amal qilishga chaqirdi.
Ma’lumki, kuni kecha Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatning ushbu shartnomada ishtirokini to‘xtatishini e’lon qildi. ICAN tashkiloti ushbu qarorga xavfli, deb ta’rif bermoqda.
“Rossiya zudlik bilan shartnomaga amal qilishga qaytishi kerak va jangovar kallaklarni cheklashda davom etishi lozim”, – deyiladi mazkur xalqaro tashkilotning ijtimoiy tarmoqda tarqatgan xabarida.
ICAN bundan atigi 16 yil avval Avstraliyaning Melburn shahrida tashkil etilgan nisbatan yosh tashkilot bo‘lib, yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha xalqaro miqyosda harakat olib boradi.
Ushbu harakatni sayyoramizdagi ko‘plab siyosiy va jamoat arboblari qo‘llab-quvvatlagan. 2017 yilda o‘zining sa’y-harakatlari uchun tashkilot Xalqaro Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.