Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur konferensiya jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otdi. Unda ishtirok etish uchun mamlakatimizga Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani, BMTning Afg‘onistondagi maxsus vakili Tadamiti Yamamoto, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini, shuningdek, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari, jami 25 davlat va xalqaro tashkilot vakillari tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqaro konferensiyada nutq so‘zladi.
Yer yuzining katta qismida so‘nggi 40 yilda afg‘on urushiga u yoki bu darajada duch kelgan avlodlar ulg‘aydi. Kimningdir o‘g‘li, kimningdir qarindoshi yoki qo‘shnisi bu adolatsiz urush qurboniga aylandi. Urush olovi qanchadan-qancha begunoh odamning yostig‘ini quritdi, uning sovuq nafasi boshqa yurtlarga ham yetib bordi, minglab oilalarni parokanda, go‘daklarni yetim qildi. Shu bois «Afg‘onga ketibdi» degan xabar yuraklarga qo‘rquv, xavotir olib kirardi. Otalar o‘g‘lining afg‘onga harbiy xizmatga ketganini keksa ota-onasidan yashirar, ichidagi dardini bildirmasdi. Onalar pana-panada jigarbandiga sog‘lik-omonlik so‘rab Yaratganga yolvorar, yo‘l qarardi.
Afsuski, afg‘on urushi yillar o‘tgan sari jang maydonlaridan narkobiznes, terrorizm, ekstremizm kabi ko‘zga ko‘rinmas urush o‘choqlariga ko‘chdi. Endi bu zamindagi notinchlik va zo‘ravonliklar, nohaq qon to‘kishlar dunyoning barcha mintaqalariga tahdid solar darajada kengaydi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, jafokash Afg‘oniston zaminidagi to‘qnashuvlar, “urush olovi” afg‘on xalqining o‘z tanlovi emas, aksincha, chetdan tiqishtirilgan fitna natijasidir. Ana shu notinchlikdan afg‘on xalqi o‘n yillar davomida jabr chekib kelmoqda, millionlab odamlar o‘z uyini tashlab olis yurtlarda sarson-sargardon bo‘lib yuribdi.
Xalqimizda «Bir kun janjal bo‘lgan joydan qirq kun baraka qochadi», degan naql bor. Afg‘onistonda qariyb 40 yildan buyon davom etib kelayotgan mojaro afg‘on xalqining hayotini o‘nlab yillar orqaga surib tashladi. Bu hududda paydo bo‘lgan inqiroz, aholining qashshoqlashuvi dunyo hamjamiyatidan allaqachon globallik kasb etgan ushbu muammoga birgalikda amaliy yechim topishni taqozo qilmoqda. Shu maqsadda keyingi yillarda qator loyihalar amalga oshirildi, muloqot guruhlari tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston pozitsiyasini bayon qildi, bu borada aniq takliflar bildirdi. Noyabr oyida Samarqand shahrida BMT shafeligida o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Afg‘onistonning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga qo‘shilishi yo‘lidagi tashabbuslar ilgari surildi.
O‘zbekiston va Afg‘oniston Prezidentlarining oliy darajadagi uchrashuvlarida mamlakatimizning bu boradagi ijobiy pozitsiyasi o‘zaro manfaatli kelishuvlar orqali yanada mustahkamlandi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur forum o‘z formati va Afg‘oniston muammosi bo‘yicha aniq yechimlar topishga qaratilgani bilan ilgarigi xalqaro anjumanlardan farq qiladi. Shu bois uni o‘tkazish tashabbusi dunyo hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. Nufuzli xalqaro tashkilotlar, siyosatshunoslar va ekspertlar tomonidan Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlikka erishish, shu orqali nafaqat Markaziy Osiyo, balki unga tutash mintaqalarda tinch taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiluvchi mazkur konferensiya afg‘on xalqining muammolarini hal qilish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surilishi bilan amaliy ahamiyatga ega, degan fikrlar bildirildi.
Jumladan, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi O‘zbekiston tashabbusi g‘oyat qadrli ekanini ta’kidladi.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini o‘z nutqida Afg‘onistondagi vaziyatni baraqarorlashtirishga oid tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini, bu masala Yevropa Ittifoqining doimo e’tiborida turishini qayd etdi.
Mazkur forumga Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ham katta qiziqish bildirildi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish konferensiya ishtirokchilariga videomurojaat yo‘llab, ushbu anjuman Afg‘onistonda tinchlikka erishish yo‘lida alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Toshkent konferensiyasi ishtirokchilarining rasmiy suratga tushish marosimidan so‘ng anjuman shu’ba majlislarida davom etdi. Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov afg‘on muammosini hal qilish tashabbusi mintaqa davlatlarining o‘zidan chiqayotgani muhim ahamiyatga ega bo‘lib, Toshkent konferensiyasi o‘z vaqtida amalga oshirilgan muhim jarayon ekani va undan xalqaro hamjamiyat ijobiy natijalar kutib qolishini ta’kidladi.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlyut Chavusho‘g‘lu Toshkent konferensiyasi Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda muhim o‘rin tutishini, bu beqarorlikka sabab bo‘layotgan kuchlarning o‘zaro yarashuviga oid jarayonni tezlashtirishga yordam berishini qayd etdi.
AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tomas Shennon O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tashabbuslari bilan mintaqa davlatlari taraqqiyotiga, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgani, shu jihatdan dunyo hamjamiyati mazkur konferensiyaga muammoni hal qilishda amaliy yechim sifatida qarayotganini qayd etdi.
Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Li Baodun Afg‘onistonning sarmoya, savdo, transport imkoniyatlarini oshirish uchun uni qo‘shni davlatlar qo‘llab-quvvatlashi zarurligini ta’kidladi.
Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Xavaja Muhammad Asif Afg‘onistondagi notinch muhit bevosita qo‘shni va uzoq davlatlardagi vaziyatga salbiy ta’sir etishini, shu bois barcha ushbu mamlakat tinchligi uchun hamjihatlikda harakat qilishi kutilgan natijani berishini qayd etdi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, ayrim geosiyosiy kuchlarning Afg‘onistonda yuzaga kelgan vaziyatdan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanayotgani ushbu davlatda vaziyatni yaxshilash borasidagi intilishlarga to‘sqinlik qilmoqda. Buning oqibatida terrorchi tashkilotlar jangarilarining Afg‘oniston ichkarisiga tobora ko‘proq kirib borishi va uni o‘z poligoniga aylantirishiga yo‘l ochilmoqda.
Afg‘oniston muhim transchegaraviy hududda joylashgan. Bu mamlakat bilan hamkorlikdan Markaziy Osiyo davlatlari eng ko‘p manfaatdor. Anjumanda Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari tomonlar bu yo‘lda barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyor ekanini qayd etdi.
Xalqaro konferensiyada NATO bosh kotibining operatsiyalar bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Jon Manza, Buyuk Britaniya bosh vazirining Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Garet Beyli, Italiyaning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Alberto Piyeri, Germaniya hukumatining Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Markus Potsel, Qatar Tashqi ishlar vazirligi maxsus vakili Mutlaq bin Majid al-Qahtoniy, Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi maxsus maslahatchisi Xiroshi Takaxashi, Fransiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi direktori Yevgeniy Sisoyev, Norvegiya Tashqi ishlar vazirligining Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Rolf Villi Xansen va boshqalar so‘zga chiqdi.
Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani tiklash, uning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga qo‘shilishiga har tomonlama ko‘maklashish to‘g‘risidagi taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Konferensiya ishtirokchilari anjuman yakuni bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasini imzoladilar. Mazkur hujjatda mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, barcha sohalarda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ahil qo‘shnilik munosabatlarini yanada mustahkamlash kabi ezgu maqsadlar ko‘zda tutilgan.
Tadbir yakunida o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri A.Komilov va Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri S.Rabboniy nufuzli konferensiyada erishilgan natijalar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlandiki, mazkur xalqaro konferensiya dunyo hamjamiyatining Afg‘onistonda tinch taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlariga g‘oyat muhim hissa bo‘lib qo‘shildi. Bunday anjumanlar kelgusida ham davom etadi.
S.Rabboniy muhim tarixiy tashabbusni ilgari surib, Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasini o‘tkazishga bosh bo‘lgan O‘zbekiston Prezidentiga, mamlakatimiz hukumati va xalqiga alohida minnatdorlik bildirdi.