Sayyoramiz bo‘ylab davom etayotgan tabiiy va insoniy inqiroz, jumladan, Turkiya va Suriyadagi zilzila, Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi nizo asnosida “Tinchlik jurnalistikasi bo‘yicha I Xalqaro HWPL seminari” onlayn tarzda tashkil etildi.
29 mamlakatdan 150 ga yaqin kishi ishtirok etgan “Barqaror rivojlanish uchun institutsional tinchlikka yo‘l” mavzusidagi seminar tinchlik jurnalistikasi va xalqaro media tarmog‘ini mustahkamlashga qaratildi. Tadbir “Yuksak madaniyat, butun dunyoda tinchlik va ziyo tarqatish” (HWPL) tinchlikparvar xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan dunyoning yetakchi 28 ommaviy axborot vositasi ko‘magida tashkil etildi.
Janubiy Koreyada joylashgan va BMT Global kommunikatsiya departamenti va EKOSOSda ro‘yxatdan o‘tgan HWPL 2013 yil tashkil etilgandan buyon dunyo tinchligi va urushga chek qo‘yish maqsadidagi global harakatga yetakchilik qilib kelmoqda. Seminarda mazkur tuzilma va xalqaro jurnalistlar tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan, ularning tajribasi va olamga nisbatan qarashini aks ettiruvchi “Tinchlik jurnalistikasi tadqiqoti” taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Izlanish mavzulari ziddiyatli vaziyatlarni va tinchlik o‘rnatish sa’y-harakatini mamlakatlar misoli orqali tahlil qilishdan tortib, tinchlikni targ‘ib qilish orqali ijtimoiy o‘zgarish amalga oshirishda fuqarolik jamiyatining roligacha qamrab olgan.
Seminarda so‘zga chiqqanlar dunyoga sevgi va adolat mujdasini yoyishda jurnalistlar muhim rol o‘ynashi, demokratiya, inson huquqi va yaxshi boshqaruvni targ‘ib qiladigan global media-tarmoqni ilgari surayotganiga ishonch hosil qilishi kerakligini ta’kidlashdi. Bu jarayonda dunyoni hamkorlikni mustahkamlab, to‘g‘ri ma’lumot tarqatib, izchil aloqa o‘rnatish yo‘li bilan birlashtirish mumkin.
“HWPL” tinchlik elchilari o‘z chiqishida xalqlar aro tinchlik nafaqat BMT, balki har bir mamlakatning ishi bo‘lishi lozimligini aytib o‘tishdi. Fuqarolik jamiyatida demokratiya, ochiqlik va erkinlik hukm surishi, har bir insonning huquqi va erkinligini himoya qilish darajasi, shuningdek tinchlik va dunyoviy madaniyatni shakllantirish har qanday mamlakatda barqaror tinchlikni rivojlantirish uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ushbu tamoyil Tinchlik o‘rnatish va urushga barham berish deklaratsiyasi (DPCW)ning 10 ta asosiy moddasida aniq qayd etilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotiga “DPCW” asosida yangi tinchlik konvensiyasi kerak, deydi ma’ruzachilar.
Mazkur deklaratsiya “HWPL” xalqaro huquq bo‘yicha tinchlik qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan xalqaro qonun loyihasidir. Loyihada 15 ga yaqin mamlakatdan xalqaro huquq bo‘yicha ekspert ishtirok etmoqda. “DPCW” 10 modda va 38 bo‘limdan iborat bo‘lib, global hamjamiyatda nizolarning oldini olish, muammolarni tinch yo‘l bilan bartaraf qilish hamda tinchlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tamoyil, chora-tadbirlarni mujassam etgan.
“HWPL” jamoatchilik bilan aloqalar departamenti bosh menejeri Yang Son ta’kidlashicha, mazkur anjuman barchani OAVning tinchlik elchisi sifatidagi rolini oshirishga hissa qo‘shishga chaqiradi. Global ommaviy axborot vositalarining tinch tarmog‘ini mustahkamlash zarurligini inobatga olib, “HWPL” tinchlik jurnalistikasi bo‘yicha tadqiqotlarni nashr etish, tinchlik jurnalistikani mustahkamlashda jurnalistlar rolini oshirish, muammo yechimini muhokama qilish, fikr almashish mumkin bo‘lgan muntazam tadbirlar o‘tkazishni ko‘zlagan.
S.Rahimov, O‘zA