Har yili 21 fevral sanasi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Xalqaro gidlar kuni (International Tourist Guide Day) sifatida keng nishonlanadi. Ushbu bayram Jahon gidlar uyushmalari federatsiyasi (WFTGA) tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, federatsiyaga 1985 yil Birinchi xalqaro gidlar konvensiyasi doirasida asos solingan. Bugunga kunda dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan 2 milliondan ziyod kishi uning a’zosi hisoblanadi. Xalqaro gidlar kuni bayrami 1990 yildan buyon nishonlanib kelinadi.
Poytaxtimizda ushbu sanaga bag‘ishlab VI O‘zbekiston Gidlar forumi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi hamda Madaniy meros ob’ektlari muammolarini o‘rganish va turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etilgan forum “Ekskursiya faoliyati: hamkorlik va innovatsiyalar” mavzusiga bag‘ishlandi.
Forumda Madaniyat va turizm vazirligi, Jahon gidlar uyushmalari federatsiyasi prezidenti Alushka Ritchi, Hindiston turistik gidlar federatsiyasi prezidenti Narendra Singx Ratxur va boshqa soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Gidlar forumi 250 dan ortiq ishtirokchi uchrashadigan jonli platforma bo‘lib xizmat qildi.
Forumda ishtirokchilar respublika iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida turizm va mehmondo‘stlik sohasini yanada rivojlantirish, professional gidlar hamjamiyatini ko‘p tarmoqli va sifatli shakllantirish va boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashdi.
Shuningdek, forum doirasida “Kitob bilan sayohat” kitob yarmarkasi tashkil etilib, unda ishtirokchilar turli yo‘nalishlar (tarix, arxeologiya, dinshunoslik, ixtisoslashtirilgan mavzular va boshqalar) bo‘yicha bir qancha kitoblar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Bu ham professional gidlar, ham turizm industriyasi mutaxassislarida qiziqish uyg‘otishi, ular uchun foydali bo‘lishi tabiiy. Yarmarka davomida yetakchi milliy nashriyotlar va ilmiy-tadqiqot institutlarining yangiliklari, ekskursiya ommasi uchun maxsus jihozlar nusxalari va boshqalar namoyish etildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA