Mamlakatimizda eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida mahsulotlarimiz eksport geografiyasi ham yildan-yildan kengayib bormoqda.

PMTI tahliliga ko‘ra, 2017-2022 yillar mobaynida yurtimizning eksport geografiyasi 16 ta mamlakatga kengayib, bugungi kunda mahsulotlarimiz 117 ta davlatga yetkazib berilayotir. Xususan, Peru (3 965,9 ming AQSH dollari), Albaniya (3 196,3 ming AQSH dollari), Shimoliy Makedoniya (1 454,7 ming AQSH dollari), Senegal (311,7 ming AQSH dollari), Mavrikiy (303,1 ming AQSH dollari) kabi mamlakatlarga ham mahsulotlarni eksport qilish yo‘lga qo‘yildi. Tovar nomenklaturasida 2017 yildagi 179 xil mahsulot turi 2022 yilga kelib 200 dan oshgan.

Keyingi paytda paxta tolasi eksportidan voz kechilib, uning o‘rniga paxtadan tayyorlangan qo‘shilgan qiymati yuqori tovarlar eksporti yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, umumiy qiymati 1 613,5 million AQSH dollariga teng bo‘lgan paxtadan yigirilgan ip, 644,9 million dollarlik tayyor trikotaj va to‘qimachilik mahsulotlari, 242,8 million dollarlik naqshli mato, 131,6 million dollarlik gazlamalar, 78,1 million dollarlik ipak va ipak mahsulotlari, 42,1 million dollarlik gilam mahsulotlari eksport qilindi.

Shuningdek, maishiy texnika vositalaridan changyutgich, kir yuvish mashinasi, gaz plitasi, televizor kabi tovarlar Qozog‘iston, Rossiya, Ukraina, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkiya, Moldova, Turkmaniston kabi davlatlarga yetkazib berilmoqda.

O‘zA